Jamshid O‘roqov: «Non ishlab chiqarish klasteri tashkil etiladi»
Avval xabar qilganimizdek, Samarqand viloyat matbuot uyida viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Jamshid O‘roqov ishtirokida un va non mahsulotlari narxining o‘zgarishiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Ta’kidlandiki, joriy yilda viloyatimizda 364 ming tonna g‘alla yetishtirildi va bu mahsulotning tonnasi uchun fermer xo‘jaliklariga o‘rtacha 1 million 420 ming so‘mdan haq to‘landi. Viloyatimizdagi 4 ta un ishlab chiqarish korxonasi tomonidan esa har oyda o‘rtacha 600-620 tonna un mahsuloti ishlab chiqarilmoqda. Viloyat aholisini non mahsuloti bilan ta’minlash uchun jami 387 ta qolipli non ishlab chiqarish korxonasi mavjud.
Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 14 oktyabrdagi “Don, un va non yetkazib berish tizimiga bozor mexanizmlarini to‘liq joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan joriy yilning 15 oktyabridan boshlab barcha xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar birja savdolarida mahalliy hamda import qilingan un va don mahsulotlarini erkin sotib olish va sotish huquqi joriy qilindi. Qaror asosida 2019 yilning 15 oktyabridan 7 noyabrigacha viloyatimizdagi un ishlab chiqarish korxonalari tomonidan 13 ming 516 tonna un mahsuloti savdoga chiqarilib, 13,5 milliard so‘mga sotilgan. Shuningdek, qaror asosida pensioner va kam ta’minlanganlik nafaqasi oluvchilarga har oyda 50 ming so‘mdan kompensatsiya puli berish yo‘lga qo‘yilgan.
- Joriy yilgi 364 ming tonnalik g‘alla xirmonidan 75 foiz un ishlab chiqarilganda ham yiliga 273 ming tonna, oyiga 22,7 ming tonna un ishlab chiqariladi va bu viloyatimiz aholisining ehtiyojini to‘la qondirish imkonini beradi, - deydi J.O‘roqov. – Un va non narxining o‘zgarishi bilan bog‘liq holatlar ishchi guruh tomonidan o‘rganilganda “Samarqanddon” aksiyadorlik jamiyatining un ishlab chiqarish xarajatlari 1 kilogramm unning ulgurji narxi qo‘shilgan qiymat solig‘i bilan birga 2195 so‘mni tashkil etdi. “Registon non” korxonasi tomonidan 500 gramlik qolipli non tannarxi o‘rganilganda soliq to‘lovlari bilan birga 1350 so‘m, 50 so‘m ustama bilan 1400 so‘mdan sotilayotganligi kuzatildi.
Afsuski, tadbirkorlar orasida qolipli non uchun davlat standartida belgilangan 500 gramm o‘rniga 420, hatto 400 gramm holda ishlab chiqarish holatlari uchramoqda va ularga tegishli choralar ko‘rilmoqda. Shunday holatlarni kamaytirish va sohada sog‘lom raqobatni yuzaga keltirish uchun “O‘zsanoatqurilishbank”ning imtiyozli krediti asosida Rossiya davlatidan 10 ta zamonaviy korxona jalb etilib, qolipli non ishlab chiqarish bo‘yicha namunaviy klaster tizimi joriy etiladi. Ular g‘alla ekishdan boshlab mahsulot ishlab chiqarish jarayonigacha qamrab olinadi.
Matbuot anjumanida J.O‘roqov jurnalist va blogerning savollariga batafsil javob berdi.
O‘.QO‘ZIBOYeV.