JSST: yarim million yevropalik bahorgacha COVID-19 qurboni bo‘lishi mumkin

Yevropada emlanmasa va ehtiyot choralariga rioya etilmasa yarim millionga yaqin odam COVID-19 dan halok bo‘lishi mumkin, dedi Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) Yevropa departamenti rahbari Xans Klyuge.

"Hozirda o‘limning 75 foizi 65 va undan katta yoshdagi odamlarga to‘g‘ri kelmoqda. Prognozlarga ko‘ra, agar biz ushbu nuqtada qolsak, 2022 yilning 1 fevraliga qadar COVID-19 dan qo‘shimcha yarim million odam yo‘qotamiz", deya ta’kidladi Klyuge.

Bunday ssenariyga yo‘l qo‘ymaslik uchun 95 foiz aholini tibbiy niqoblar bilan qamrashga erishish va emlash sur’atini jadallashtirish zarur, dedi u.

COVID-19 Yevropaga chang soldi

Yevropada koronavirus tarqalishi bir oydan ko‘proq vaqt davomida o‘sib bormoqda va hozir u COVID-19 epidemiyasining faol bosqichini boshdan kechirayotgan yagona makroregiondir. Ushbu ma’lumotlar Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining haftalik hisobotida e’lon qilingan.

Salbiy baho, birinchi navbatda, Rossiya, Turkiya, Ruminiya va Buyuk Britaniyada kasallanishning yuqori darajasi bilan bog‘liq.

Buyuk Britaniya

Birlashgan qirollikda kuniga 40 mingdan ortiq infeksiya qayd etilmoqda. Hukumatning bosh ilmiy maslahatchisi Jonatan Van Tam so‘zlariga ko‘ra, mamlakatni yana bir necha og‘ir oy kutmoqda. "Ko‘pchilik pandemiya tugaganiga ishonishdi", dedi u. Hukumatda, ayniqsa, Rojdestvo bayrami munosabati bilan yangi sanitariya cheklovlari joriy etish niyatida emasligi aytilmoqda.

Ruminiya

Ruminiyada epidemiyaning kuchayishi sababli COVID-19 bilan kasallangan bemorlar uchun shifoxonalarda joy yetishmasligi kuzatilmoqda. Bemorlar intensiv terapiya bo‘limiga yotqizilishini tom ma’noda bir necha sutkalab mashinalarda kutishyapti. Ularga kislorod ballonlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri mashina to‘xtash joyiga yetkazilmoqda.

- Kechadan beri onam bilan kutyapmiz. U kislorodga ulangan. Tunni mashinada o‘tkazdik. Uyda olti kun davomida unga g‘amxo‘rlik qildim, bo‘lmadi. U juda qaysar, lekin hozir vaksina olmaganidan afsusda”, deydi kutuvchilardan biri.

 Rossiya

Kasallikning eng yuqori darajasi fonida Rossiya hukumati vaqtinchalik kasalxonalarni qayta ochdi. Moskva yaqinidagi «Patriot» bog‘ida Mudofaa vazirligi COVID-19 bilan kasallangan bemorlar uchun 600 o‘rinli harbiy gospital, 20 ta reanimatsiya bo‘limini yaratdi.

Noyabr oyi boshida Yevropada koronavirus pandemiyasi boshlanganidan beri 65 milliondan ortiq infeksiya va 1,3 milliondan ortiq o‘lim qayd etilgan.