“Juda og‘ir bo‘ldi”: Afg‘on yigiti koronavirusni qanday yengdi?
Vahidulla Hamidi Afg‘onistonda koronavirusga chalingan birinchi bemor hisoblanadi. Ayni vaqtda u sog‘ayib, odatiy hayotga qaytgan.
Sputnik Afg‘oniston’ga bergan intervyuda Hamidi Eronda koronavirus yuqtirib olgani haqida so‘zladi.
“Men besh kunga Eronning Kum shahriga keldim. Hirotga qaytgandan keyin Kumda koronavirus yuqtirish holati qayd etilganini bildim. Ikki kundan so‘ng o‘zimni yomon his qilib, shifoxonaga bordim.
Uch kundan keyin shifokorlar menda koronavirus aniqladilar. Shikoforlar menda bu virus borligini aytishganda, ozgina qo‘rqdim. Ammo oilam daldasi va shifokorlar yordami tufayli kasallikni yengdim”, - deydi yigit.
Vahidulla davolanish vaqtida palatada mutlaqo bir o‘zi bo‘lgani sababli kasallik juda og‘ir kechganini tan oldi. Yigit koronavirusga jiddiy e’tibor berish kerakligi, bemorlar esa nima bo‘lsa ham kurashish lozimligini alohida ta’kidladi.
Vahidulla Afg‘oniston barcha aholisini mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligi tavsiyalariga qat’iy rioya qilishga chaqirdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, 20 kundan ortiq vaqt karantinda bo‘lgan, yaqinlari bilan faqat oyna orqali muloqot qilgan.
“Shifoxonadan javob berilgandan so‘ng, men yana 10 kun uyda karantinda bo‘ldim. Bu og‘ir bo‘ldi: men hatto farzandimni bag‘rimga bosa olmas edim”, deb qo‘shimcha qildi afg‘onistonlik.