Kaltak yeb, murojaat qilmay yurgan ayollar himoyaga olinmoqda
Eshik qarsilladi, derazaning charsillab singani eshitildi. Avval erkak kishining bo‘g‘iq ovozi, keyin ayolning chinqirab yig‘lagani eshitildi. Bir pasda g‘ala-g‘ovur, to‘s-to‘polon bo‘lib ketdi. Qo‘ni-qo‘shniga ham eshitildi bu ovozlar.
«Eh, yana shu kelin tayoq yedi shekilli…, - deya ichidan zil ketdi yon qo‘shnining. – Qachongacha davom etarkan, bu bechoraga kun bormikan?» deya xo‘rsinib qo‘ydi.
Ertalab turib, mahallaga bordi.
- Opa, shu qo‘shnimiz xotinini tez-tez uradi. Meni aytganimni aytmangku-ya, lekin nimadir qilish kerakmi, deyman-da, mayib qilib qo‘ysa-chi?!
- Doim uradimi?
- Oxirgi paytlar tez-tez takrorlanyapti. Bechora kelinning dardi ichida. Hech kimga aytolmaydi. Aytsa, qaynonasi yashatmaydi, haydavoradi. Shuni bilib ota-onasigayam aytmaydi.
- Uyiga boramiz unda, gaplashib ko‘ray-chi.
- Meni aytganimni ayta ko‘rmang, lekin opa. Bilasiz u qo‘shnimning fe’lini.
Mahalladagilar avval o‘zlari, xuddi xonadonlardagi vaziyatni o‘rganib yurgani kabi o‘sha uyga birrov oralashdi, vaziyatni o‘rganishdi, oila a’zolarining barchasi bilan alohida suhbatlashishdi. Oradan biror hafta o‘tib xotin-qizlar bilan shug‘ullanuvchi profilaktika inspektori bilan kelishdi. Kelinchak zo‘r-bazo‘r gapirib berdi boshidan o‘tayotgan zug‘umlarni. Bosiqlik va xotirjamlik bilan oila a’zolariga bugun tazyiq va zo‘ravonlik bo‘yicha mamlakatda olib borilayotgan ishlar haqida tushuncha berildi. Kelinchakning holidan xabar olina boshlandi.
Qo‘shningiznikida notinchlik. Indamay turmang…
Bizning mamlakatda tazyiq va zo‘ravonlikka qarshi kurash xuddi oila bilan kurashday ko‘ringandi hali bu haqda ilk fikrlar, ma’lumotlar tarqala boshlaganda. Sababi, bu masalada zo‘ravonni jazolash oilaning buzilib ketishiga sabab bo‘lishi shunchalik aniq ediki, buni aksar hollarda ayolning o‘zi istamay qolar, keyin da’vosidan osongina voz kechib qo‘ya qolardi. Aholi ongida ham «erning kaltagini yemagan xotin bormi» kabi fikrlar shunchalik o‘rnashib ketgan ediki, bunday qarashlar ushbu illat bilan kurashning yo‘liga qayta-qayta g‘ov bo‘laverar edi. Ba’zan er-xotin o‘rtasiga tushgan odam aybdor bo‘lib qolardi, hatto.
Xo‘sh, bugun, haliyam bu masalada fikrlashimiz juda ilg‘orlashib ketmagan bir paytda tazyiq va zo‘ravonlikka qarshi kurashda ichki ishlar idoralari qanday yo‘l tutyapti? Umuman, «oilaviy ishimizga milisa aralashtirgan xotin bilan ikki dunyoda ham yashamayman» degan aqida ongimizga o‘rnashib qolgan muhitda zo‘ravonlik bilan kurashishda qanday yo‘llardan foydalanilmoqda?
- Zo‘ravonlikning oldini olishda har bir oilaga individual yondashuv talab etiladi, - deydi Samarqand viloyat mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Sayyora Jumayeva. – Ba’zi oilalarda rafiqasini himoya qilish uchun ochiq-oshkor borsangiz, bunday holat oilalararo urush-janjallarni keltirib chiqarib, aks ta’sirini ko‘rsatishi mumkin. Shuning uchun har bir mahallada o‘sha zo‘ravonlik sodir bo‘lgan, notinchliklar mavjud oila a’zolarini yaxshi taniydigan insonlar hamkorligida tushuntirish ishlari olib boriladi. Ba’zi oila a’zolari bilan qat’iyroq gaplashish lozim. Odatda notinch, zo‘ravonlik sodir bo‘layotgan oilalardagi vaziyatni yaxshilash uchun bir marta tushuntirishning o‘zi yetmaydi, ular doim nazoratda bo‘lishi kerak. Shunaqa payti qo‘ni-qo‘shnilar, qarindoshlarning ham faolligi muhim ahamiyatga ega. Ya’ni, agar o‘sha oilada sodir bo‘layotgan notinchlikni sezgach, darhol bu haqda telefon orqali murojaat qilishsa, turli noxush vaziyatlarning oldi olingan bo‘lardi. Keyingi paytlarda faollarning shunday murojaatlari paydo bo‘layotgani quvonarli, albatta. Sababi, ba’zi ayollar turmush o‘rtog‘idan yillab kaltak yeb kelgan, ammo buni aytishni istamaydi. Mana shunday holatlarda ham atrofdagilarning befarq emasligi muhim.
19 kun ichida 551 oilada notinchlik aniqlandi
- Zo‘ravonlikning oldini olish maqsadida viloyat miqyosida o‘tkazilayotgan “Tazyiq va zo‘ravonlikka qarshi kurashish oyligi” maxsus profilaktik tadbiriga bugungi kunda 1190 nafar IIO xodimlari, ya’ni profilaktika inspektorlari hamda xotin-qizlar masalalari bo‘yicha inspektorlar, shuningdek, 1814 nafar jamoatchilik vakillari jalb etildi, - deydi Samarqand viloyat ichki ishlar boshqarmasi xotin-qizlar bilan ishlash bo‘limi katta inspektori Nilufar Sattorova. - Tadbir davomida, ya’ni 20 sentyabr kunidan oktyabr oyining o‘ninchi sanasiga qadar 4557 oila o‘rganilib, kelishmovchiligi mavjud bo‘lgan 551 oila aniqlandi. Bu oilalarda profilaktika inspektorlari tomonidan mahalla fuqarolar yig‘inlari, tibbiyot birlashmalari hamda bandlik bo‘limlari mas’ul xodimlari bilan birgalikda profilaktik ishlar olib borildi. Natijada 113 muammo aniqlanib, shundan 74 tasi joyida ijobiy hal etildi, 97 holatda notinchlikka barham berildi, 37 holatda ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalar o‘zaro yarashtirildi.
Olib borilayotgan tadbir davomida oila turmush munosabatlari doirasida xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik sodir etgan 150 shaxs aniqlanib, hududiy profilaktika inspektorlari va xotin-qizlar masalalari bo‘yicha inspektorlar tomonidan jabrlangan xotin-qizlarga tegishli tartibda “himoya orderi” rasmiylashtirilib, orderda belgilangan cheklov talablari bo‘yicha batafsil huquqiy tushuntirish ishlari olib borildi.
Gulruh Mo‘minova.