Karantin davrida gazchilarga 159 ta murojaat qilindi
Tabiiy gazdan to‘g‘ri va oqilona foydalanish iste’molchining mushkulini oson qiladi. “Zangori olov”dan to‘g‘ri foydalanishda gaz uskunalari, jo‘mraklarning sozligi muhim ahamiyat kasb etadi. Shu paytgacha “Hududgaz Samarqand“ MChJning tuman va shahar filiallarida ishlayotgan 104 qisqa telefon raqamiga karantin davrida aholi tomonidan tabiiy gaz bilan bog‘liq muammolar yuzasidan 159 ta murojaat kelib tushgan. Ularning 31 tasi «qizil» hududga kiritilgan Payariq tumaniga to‘g‘ri kelmoqda.
- Karantin vaqtida barcha qatori gaz idoralari xodimlari ham karantin qoidalariga rioya qilgan holda xizmat qilmoqda, - deydi “Payariq tuman gaz” filiali boshlig‘i Isomiddin Qodirov. - O‘tgan davr mobaynida tumangaz filialining avariya-dispetcherlik xizmatiga karantinga olingan mahallalar tomonidan gaz uskunalaridagi nosozliklar yuzasidan 15 ta murojaat kelib tushdi. Mazkur hududlardagi kamchiliklar chilangari E.Ahmedov tomonidan bartaraf etildi.
Gaz uskunalaridagi nosozliklarni o‘z vaqtida tuzatish orqali hayot uchun xavfli bo‘lgan turli oqibatlarning oldi olinadi. Uning aksi bo‘lganda, turli ko‘ngilsizliklarni keltirib chiqarishi mumkin.
Ko‘p qavatli uy-joylardagi gaz plitalar, boshqa gaz uskunalari mavjud bo‘lmaganda, ikki yilda bir marta, turar joylardagi gaz plitalari, isitish, suv isitish uskunalari yilda bir marta va har bir isitish mavsumi boshlanishidan avval mutaxassis ko‘rigidan o‘tkazish majburiy qilib belgilab qo‘yilgan. Bu gaz tarmoqlarida uchraydigan turli avariyalar va talafotlarning oldini olishga xizmat qiladi.
- Ayni kunlarda viloyatda 282 311 xonadonga tabiiy gaz yetkazib berilayotgan bo‘lsa, suyultirilgan gazga moslashtirilgan iste’molchilar soni 442 mingdan ziyodni tashkil etadi, - deydi “Hududgaz Samarqand” MChJ bo‘lim boshlig‘i Salohiddin Mallayev. – O‘tgan davrda mutaxassislarimiz tomonidan 2681 ta xonadonlardagi gaz jihozlariga texnik xizmat ko‘rsatildi. Yil oxirigacha esa viloyatdagi barcha tabiiy gaz iste’molchilarini qamrab olishni rejalashtirganmiz.
Baxtigul QARShIYeVA,
“Hududgaz Samarqand” MChJ matbuot kotibi.