Karantin Sizga nimalarni o‘rgatdi?

Avvalo, o‘tgan har bir kunimizga shukur qilishni. Ishdan charchadim, qachon dam olish bo‘lar ekan, deya noligan kunlarimizni bugun sog‘inayotganimiz rost. Bugungi sinovli kunlarda har kuni ishga borib, charchab kelish ham baxt ekanligini, o‘tgan har bir kunimizga, bugunimizga shukur qilishimiz kerakligini his qilyapmiz.

Bir-birimizni, yaqinlarimizni asrab-avaylashni. Tan oling, ish, ro‘zg‘or sabab ba’zan oylab ota-onangiz, qarindoshlaringiz bilan suhbatlashmasdingiz. Hozir kuniga ular holidan xabar olyapsiz. Uyimizga yaqin yashasa ham haftalab onamizning suhbatini olmasdik. Bugun vaziyat boshqa. Ularning ehtiyot bo‘lishini, ko‘chaga chiqmasligini tayin etib, har tong qo‘ng‘iroq qilasiz. Ularning salomatligidan xavotir olasiz. Garchand, ularni ko‘rishga vaqtingiz bo‘lsa-da, salomatligi uchun ularning oldiga bora olmayapsiz. “Karantin o‘tsin, har kuni ularning holidan xabar olaman”, deb niyat qilyapsiz.

Farzandlaringiz qalbiga quloq tutar ekansiz, “Qizim (o‘g‘lim) ancha katta bo‘libdi. Biz ish, ro‘zg‘or tashvishlari bilan andarmon bo‘lib, hatto farzandlarimiz ulg‘ayganini sezmay ham qolibmiz” degan hislar ko‘nglingizdan o‘tayotgan bo‘lsa, ajabmas.

Yoshligingizda ota-onangiz haftada bir bor qo‘lingizdan tutib, kitob do‘koniga, istirohat bog‘iga olib borgani yodingizdami? Shu sabab kitob mutolaasiga mehringiz oshgandi. Farzandim kitob o‘qimaydi, deyishdan oldin unga kitob sovg‘a qilishni ham unutmaslik kerakligini tushundik. Chunki kecha javonda chang bosgan kitobni farzandingiz olib, uni miriqib o‘qiyotganiga bugun guvohsiz. Bugun ular bilan suhbatlashishga, ularning istaklariga quloq solishga vaqtimiz bor. Bu ularning kelajagi uchun juda muhim.

Isrofgarchiliklarsiz ham yashash mumkin. Kuniga 3-4 marta kirib chiqadigan savdo do‘koningizga bugun kuniga bir, ba’zan ikki kunda bir kiryapsiz. U ham zarur bo‘lgan ehtiyojlar uchun. Demak, “mini-market”ga kirmay yashash ham mumkin ekan.

Asosiysi, tozalikka o‘rgandik. To‘g‘ri, oldin ham tozalikka rioya qilardingiz, lekin bugun bu mas’uliyatga aylandi. Uydan chiqmay karantin qoidalariga rioya qilish, qo‘llarni tez-tez sovunlab yuvish, xonadonimizni ozoda saqlash yaqinlarimizning, jamiyatimizning salomatligi, kasallikni yengish uchun juda muhim.

Nasiba Jonto‘rayeva.