Karantin tugagach, birinchi navbatda nima qilmoqchisiz?
Ayni karantin kunlarida ko‘pchilik hayoti, yashash tarzi haqida chuqurroq o‘ylab ko‘rishi uchun imkon paydo bo‘ldi. Turli cheklovlar, ko‘chaga huda-behuda chiqmaslik esa avval qay munosabatlarda xato qilganimizni, qaysilarini qadrlamaganimizni ham o‘ylab ko‘rishimiz uchun vaqt berdi.
Shu nuqtai nazardan, yurtdoshlarimizga “Karantin tugagach, birinchi navbatda qaysi ishni rejalashtirayapsiz?” degan savol bilan murojaat qildik. Javoblar xilma-xil, ularni bir o‘qib ko‘ring-a!
Feruza Tursunova, uy bekasi:
– Karantin davrida farzandlarimning qo‘shimcha darslari ancha to‘xtab qoldi. Birinchi galda ularning bilim olishlarini davom ettirish uchun harakatni boshlaymiz. Shuningdek, anchadan beri Umra ziyoratiga borishni ko‘nglimga tugib yurgandim. Shu ziyoratni tezlashtirishga harakat qilmoqchiman.
Ozoda Shohqulova, tadbirkor:
– Nasib etsa, Samarqanddagi aziz-avliyolar makon topgan qadamjolarni birma-bir ziyorat qilishni dilimga tugib qo‘yganman. Shu niyatlarimizga tezroq yetkazsin, deb duodamiz.
Zarifa Husanova, o‘qituvchi:
– To‘g‘risi, karantin paytimda jonajon maktabim, o‘quvchilarimni juda sog‘indim. Karantindan so‘ng boshqacha ishtiyoq bilan maktabga borsam kerak. Dars o‘tish jarayonlari, o‘quvchilarning dars paytidagi biyron-biyron javob berishlari har kuni ko‘z o‘ngimdan o‘tadi.
Nigora G‘afurova, matbuot xizmati xodimi:
– Karantin tugasa ham birinchi navbatda ehtiyotkorlikni unutmasligimiz kerak. Shunga amala qilaman. Yaqinlarimizni sog‘inganmiz, ular bilan diydor ko‘rishishni istaymiz. Ularni jamoat joylariga, restoranlarga emas, uyga, mehmonga chaqiraman.
Dilafro‘z Rahmonova, farmatsevt:
– Karantin paytida farzandlarimni qo‘shimcha to‘garaklarga qo‘yish qanchalik muhimligini yana bir anglab yetdim. Ularning qiziqishlariga qarab, karantin tugagach, darhol shu bilan shug‘ullanishni o‘ylab qo‘ydim.
Sobir Rasulov, tadbirkor:
– Ishimni yangicha tartibda tashkil qilib, boshlashni rejalashtirayapman. Bugungi kunlar har bir soha xodimining yangicha yondashuv bilan ishlashini taqozo qilmoqda. To‘g‘ri, hali oldindan bizlarni nimalar kutmoqda, bilmayman. Ammo nasib etsa yangi rejalar tuzishga, mijozlarga xizmat ko‘rsatishda birinchi navbatda ularning ko‘nglini ko‘tarishga, bu masalada xodimlarga zarur bo‘lsa qo‘shimcha mashg‘ulotlarda qatnashishga imkon yaratib bermoqchiman.
Zohida Milne (Boymatova):
– Bir necha yildan beri Buyuk Britaniyada istiqomat qilaman. Anchadan buyon Vatanimga borish imkoni bo‘lmagandi, shu yil imkon bo‘ldi-yu koronavirus bu diydorga xalaqit berdi. Tabiiyki, karantin kunlari tugagach, albatta O‘zbekistonga uchib boraman.
Botir Sa’dullayev, bank xodimi:
– Birinchi navbatda qishloqqa, ota-onamni ko‘rishga borib, ularni yonida imkon darajasida qolib, diydoriga to‘yishni rejalashtirganman. Karantindan avvalgi paytlarda ish-ish, ro‘zg‘or, deb ularni ko‘rib kelishga, duolarini olishga ko‘p vaqt ajratolmasdim. Endi o‘ylab qarasam, hamma narsaning imkonini topsa bo‘larkan. O‘sha kunlarning qadriga yetayapman. Karantindan so‘ng hayotimni, vaqtimni boshqacharoq qadrlab ish ko‘raman.
Ushbu savol bilan ko‘plab yurtdoshlarimizga murojaat qilarkanmiz, «go‘zallik saloniga boraman», «do‘stlarim bilan restoranda yig‘ilishamiz» «kiyim-kechak do‘konlarini bir aylanib chiqaman» degan fikrlarni ham etishdik. Ammo so‘ralganlarning katta qismi “Birinchi navbatda ota-onamni ko‘rishga boraman, ularning diydoriga to‘yaman, shu paytga qadar qadriga yetmagan ekanman”, deb javob berishdi.
Karantin nafaqat moddiy, balki ma’naviy dunyoqarashimizga ham daxl qilganini shu izohlardan bilsa bo‘ladi.
Gulruh MO‘MINOVA.