Karantin vaqtida qimorxona tashkil etgan shaxs qo‘lga olindi
Farg‘ona viloyati, Yozyovon tumani IIB xodimlari tomonidan shu yil 25 mart kuni o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Sarimsoqov ko‘chasida yashovchi G‘.X. yashash xonadonida O.B., Sh.I. va boshqalarning qimor o‘ynashlari uchun sharoit yaratib bergani aniqlanib, ulardan 217 000 so‘m pul va 29 dona o‘yin kartasi daliliy ashyo tariqasida olingan. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan Yozyovon tumani IIB tergov bo‘linmasi tomonidan G‘.X.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 278-moddasi 1-qismi (qimorxona tashkil etish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, G‘.X.ga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llaniladi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Jinoyat kodeksining 278-moddasi (qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni tashkil etish hamda o‘tkazish)da ko‘rsatilgan jinoyatni sodir etgan shaxs yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.