Karantindan qochishga uringan fuqaro ushlab qolindi
7 aprel kuni 129 nafar fuqaro Samarqand viloyat salomatlikni tiklash shifoxonasida karantinga olinib, patrullik qo‘riqloviga Markaziy harbiy okrug bo‘linmasi jalb etilgan edi.
Kecha, 11 aprel kuni soat 20.30 da Samarqand shahri Cho‘ponota mahallasida yashovchi, chet eldan kelgan va karantinga olingan 1978 yilda tug‘ilgan fuqaro J.K. shifoxonaning orqa tomonidan qochishga uringan. Belgilangan yo‘nalishda xizmat olib borayotgan shartnoma asosidagi harbiy xizmatchi, oddiy askar Shamsiddin Jo‘rayev tomonidan taqiqlangan hududni kesib o‘tgan tartibbuzar to‘xtatib qolingan. Shunda fuqaro harbiy xizmatchiga uyiga borib kelishi, qaytib kelgandan so‘ng uni rozi qilishini aytib, harakatni davom ettirgan. Sh.Jo‘rayev tartibbuzarni yana bir bor ogohlantirgan va qat’iy choralar ko‘rgan. Aloqa vositasi orqali berilgan xabarga ko‘ra, qisqa vaqt ichida tezkor bo‘linma yetib kelgan.
Bugun, 12 aprel kuni Markaziy harbiy okrug qo‘mondoni ko‘rsatmasiga asosan, karantindan qochishga urinib, ko‘pchilik aholi salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan fuqaroni ushlab qolgan harbiy xizmatchiga unvon va qimmatbaho sovg‘a topshirildi.
Markaziy harbiy okrug axborot xizmati.