Kartoshkani zararkunandadan qanday asrash mumkin?
Joriy yilda Samarqand viloyatining beshta tumanida g‘alladan bo‘shaydigan maydonlarda takroriy ekin sifatida kartoshka yetishtirish rejalashtirilmoqda. Buning uchun maqbul maydonlar, mos keladigan navlar tanlanib, kartoshkachilik yo‘nalishida klasterlar va kooperatsiyalar tashkil qilinmoqda. Qolaversa, kartoshkaning iste’mol va urug‘lik uchun super elita, elita avlodlarini hamda zararkunandalardan xoli sog‘lomlashtirilgan mahalliy navlarini yetishtirishga ham alohida e’tibor berilmoqda.
Ungacha xorijdan keltiriladigan urug‘lik kartoshkani import qilishda urug‘lik bilan birga turli kasalliklar kirib kelishining oldini olish uchun viloyat o‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi mutaxassislari ham jiddiy yondashmoqda. Kartoshkaga asosan Kolorado qo‘ng‘izi, kartoshka kuyasi, simqurtlar va soxta simqurtlar, shiralar, oqqanotlar, tamaki tripsi, o‘rgimchak kana, g‘ovaklovchi pashshalar, zang kasali kuchli zarar yetkazadi. Birgina, Kolorado qo‘ng‘izi yilda 3-4 marta ko‘payadi. Unga qarshi kurashishda Mospilan, Siraks, Regent, Adonis va Konfifor va boshqalardan purkash yo‘li bilan zararkunanda va hasharotlarga qarshi kurashilmoqda va dehqonlarimizga barcha zaruriy maslahat va tavsiyalar berilmoqda.
Albatta, yuqoridagi rejaga asosan kartoshkachilik tarmog‘ida mahsulot yetishtirish hajmini bir necha barobarga oshirish rejalashtirilgan. Barcha davlatlarda oziq-ovqat yetishmovchiligi yuzaga kelayotgan bugungi sharoitda bizda ichki talabni to‘liq ta’minlash bilan birga, eksportni oshirish uchun ham imkoniyatlar ochilyapti.
Akram FOZILOV,
viloyat o‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi matbuot kotibi.