Kasabachilar va jurnalistlar sportda bellashadigan bo‘ldi

Bu haqda viloyat Matbuot uyida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Samarqand viloyati kengashi raisi S.Rafiqov ishtirokidagi korxona va tashkilotlarda ishlovchi xodimlarni sog‘lomlashtirish, sanatoriylarga jalb etish borasida qilinayotgan ishlarga bag‘ishlangan matbuot anjumanida aytildi.
Ta’kidlanishicha, keyingi paytda korxona va tashkilotlarda ishchi-xodimlar uchun munosib mehnat sharoiti yaratilib, sog‘lomlashtirish ishlari keng ko‘lamda olib borilyapti. Xususan, joriy yilning o‘tgan davri davomida viloyatimizdagi tashkilot va korxonalarda faoliyat olib borayotgan 2710 nafar ishchi-xodimlarni 3 milliard 809 million so‘mdan ortiq mablag‘ evaziga sanatoriy yo‘llanmalari bilan kasaba uyushmalari tizimidagi sanatoriylarda sog‘lomlashtirilishiga erishildi.


Shuningdek, mehnat va urush faxriylari, baynalminalchi jangchilar, chernobilchilar, olis va chekka hududlarda yashovchi yosh oila vakillari hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning ishlovchi 120 nafar vakillariga bepul yo‘llanma berilgan. Bundan tashqari, viloyatimizdagi 176 nafar o‘qituvchi va murabbiylar, “Ayollar daftari”ga kiritilgan 30 nafar ayol “Abu Ali Ibn Sino” sanatoriysida bepul sog‘lomlashtirildi.
Anjumanda 2021 yilning yozgi sog‘lomlashtirish mavsumida shahardan tashqari yozgi bolalar oromgohlarida 7840 nafar bola sog‘lomlashtirilgani aytib o‘tildi. “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” shiori ostida o‘tgan davr mobaynida 8135 nafar ishchi-xodimlar va ularning oila a’zolari uchun bepul sayohatlar tashkil etildi. “Ayollar daftari”ga kiritilgan 434 nafar xotin-qiz bepul Xorazm viloyatiga sayohatga borib kelishdi.
Mamlakatimiz mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan “Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik!” shiori ostida viloyatning tuman va shaharlarida, olis va chekka qishloqlarida turli sohalarda faoliyat ko‘rsatayotgan 400 nafardan ortiq xotin-qizlar uchun “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” dasturi asosida Samarqand shahri bo‘ylab ziyorat, sayohat hamda madaniy tadbir tashkil etildi.
Matbuot anjumanida jurnalistlar tomonidan savollar bilan birga takliflar ham bildirildi.
Jumladan kelgusida kasaba uyushmasi hamda viloyat turizm va sport boshqarmasi hamkorligida har bir korxona va tashkilotda ishlovchilarga sport bilan shug‘ullanishlari uchun yaratilgan sharoitlari reytingi baholanishi taklifi bildirildi.
Shuningdek, viloyat bo‘yicha haftaning shanba kuni kasaba uyushmasi xodimlari bilan yurish, yugurish marafonlari, turli sport musobaqalari tashkil etilishi bo‘yicha kelishib olindi. Jumladan, 30 oktyabr kuni barcha ommaviy axborot vositalari vakillari, blogerlar va axborot xizmatlari xodimlari ishtirokida shahar bo‘ylab yurish marafoni, sayohat va ziyorat tadbiri o‘tkazilishi aytildi.

Husan ELTOYeV.