Katta o‘yinning davomi (publitsistika)
Kirib kelgan yangi 2022 yilda Turkiston o‘lkasining Rossiya imperiyasi tomonidan zabt etilishi boshlangan sanaga 200 yil to‘ldi. Tarixning sirli tasodiflariga qarangki, yurtimizni yangi nom, yangi maqsad bilan SSSR deya atalmish yangi kommunistik imperiyaga qo‘shib olinishiga esa roppa-rosa 100 yil to‘ladi.
1822 yilda rus imperatori Aleksandr I taniqli davlat arbobi, huquqshunos olim Mixail Speranskiy tomonidan ijod qilingan “Sibir qirg‘izlari haqida”gi nizomni imzolab, ijro etish uchun farmon bergandi. Hujjatning bunday nomlanishiga sabab shuki, o‘sha davrda rus ma’murlari qozoq atamasi o‘rniga ham “qirg‘iz” so‘zini qo‘llaganlar.
Shu o‘rinda Turkiston istilosi “me’mori” Speranskiy haqida qisqagina ma’lumot berib o‘tish joiz. Kambag‘al ruhoniyning farzandi bo‘lmish Mixail o‘zining ilmga chanqoqligi va tirishqoqligi natijasida asta-sekin rus kiborlari orasida obro‘ va e’tibor qozonadi. Uning mavqei shu qadar kuchayib ketadiki, imperator Aleksandrning chinakam o‘ng qo‘liga aylanadi. Natijada uning obro‘si nafaqat podshoh saroyida, balki hokimiyat muxoliflari orasida ham ortib ketadi. Dekabristlar tomonidan 1825 yilda sodir etilgan qo‘zg‘olon g‘alaba qozongan taqdirda, Speranskiy tuzilajak Rossiya respublikasining prezidenti bo‘lishi mo‘ljallangandi. Aynan shu sababdan ham taxtga yangidan o‘tirgan podshoh Nikolay I keyinchalik unga ko‘pam ro‘yxush bermagan.
Endi qisqacha izohimizdan to‘xtalib, yana 1822 yil voqealariga qaytamiz. Shu yildan boshlab, shimoliy qozoq xonliklari tugatilib, hokimiyat rus harbiy gubernatorlari qo‘liga o‘tdi. Rossiyaning yangi sarhadlari Ko‘kchatov, Aqmola va Semeygacha kengayib bordi. Ammo rus istilochilarining ko‘zi janubga qaratilgandi. Ular Hindistonni to‘liq egallab olib, shimol tomon harakatlanayotgan Buyuk Britaniyadan avval Turkistonni tezroq zabt etishni orzu qilishardi. Bir so‘z bilan aytganda, Rossiya va Britaniya o‘rtasida dunyoni qayta bo‘lib olishdek katta geosiyosiy o‘yin boshlangandi.
Bu boradagi ikkinchi yirik qadam 1839 yilda tashlandi. Rus bosqinchilari shu yili Xiva xonligi va Amudaryo quyi oqimidagi hududlarni Rossiya imperiyasiga qo‘shib olish maqsadida harbiy yurish boshladilar. Olti mingdan ortiqroq qo‘shin Xiva tomon yo‘l oldi. Biroq xorazmliklarning qattiq qarshiligi va qaqshatqich cho‘l sovug‘i tufayli orqaga – Orenburgga chekinishga to‘g‘ri keldi. Qizig‘i shundaki, ushbu janglarda g‘alaba qilgan Xiva xoni asirga olingan rus askarlarini o‘z yurtlariga qaytarib yubordi va bundan buyon Rossiya fuqarolarini qul qilib sotmaslik to‘g‘risida farmon chiqardi. Aftidan, u Sankt Peterburg bilan munosabatlarni ortiq buzmaslik maqsadida shu yo‘lni tanlagan bo‘lishi kerak.
Shundan so‘ng rus strateglari o‘lkaning zaifroq sarhadlarini buzib kirish taktikasini qo‘lladilar. 1850 yilda harbiy otryadlar Ili daryosini kechib o‘tib, Qo‘qon xonligini zabt etishga kirishdilar. Dastlab, To‘ychibek qo‘rg‘oni deyarli jangsiz egallandi. Birin-ketin Kumushqo‘rg‘on, Chimqo‘rg‘on va Qo‘shqo‘rg‘on qal’alari olinib, ularning o‘rnida rus chegara zastavalari joylashtirildi. 1853-1856 yillar orasida Rossiya armiyasi Qrim, Kavkaz va Uzoq Sharqdagi harbiy mojarolar bilan andarmon bo‘lib, O‘rta Osiyodagi yurishlarini bir muddat to‘xtatib turishga to‘g‘ri keldi. Ayniqsa, Qrim urushidagi mag‘lubiyat rus ma’murlarini g‘oyat g‘azablantirdi va ular achchiq alamli nigohlarini Turkistonga, Turkiston orqali esa Hindistonga qaratib, britaniyaliklardan o‘ch olishga kirishdilar. Haqiqatan ham, Hindistonni Buyuk Britaniya changalidan tortib olish g‘oyasi bir necha davrlardan buyon rus podshohlarining shirin orzusi edi. 1801 yilda o‘sha davrdagi rus podshohi Pavel I Britaniyaning dushmani Napoleon Bonapart bilan kelishgan holda, 22 ming kazak askarini Hindistonni zabt etish uchun jo‘natadi. Ammo imperatorning kutilmagan o‘limi orzuni armonga aylantiradi va kazak qo‘shinlari Saratovga yetmasdan ortga qaytish haqida buyruq oladilar.
Rus armiyasining xurujlari vaqtincha to‘xtalganidan foydalangan Qo‘qon xoni 1860 yilda 20 minglik qo‘shini bilan istilochilarning Verniy (hozirgi Olmaota) dagi garnizoniga hujum uyushtiradi. Ammo ular zamonaviy qurollangan rus askarlaridan yengilib, orqaga chekinishga majbur bo‘ladilar. Oradan besh yil o‘tib, Chimkent va Toshkent rus qo‘shinlari tomonidan egallanadi. 1868 yil Samarqand zabt etilgach, Qo‘qon xoni janub tomondan keladigan yordamdan umidini uzib, Rossiyaga taslim bo‘lishga rozi bo‘ladi. Keyinchalik Buxoro amiri va 1873 yilda Xiva xoni ham oqposhsho bilan kelishishga majbur etiladi. 1884 yilda chor Rossiyasi Kaspiyorti hududlarini to‘liq egallab, Kushkaga yetgach, harakatdan to‘xtaydi. Chunki Afg‘oniston sarhadlarida turgan Buyuk Britaniya armiyasining qudratini O‘rta Osiyo xonliklaridagi zaif qurollangan lashkarlar bilan mengzab bo‘lmasdi. Endi har ikki imperiya Afg‘oniston va Eronni o‘zaro bufer zona sifatida ko‘rishga norasmiy bo‘lsa-da, kelishib olishga moyil edilar. Nega desangiz, Britaniya sheri bilan rus ayig‘ining jangi ikki tomonning biri uchun halokatli tugashi muqarrar edi.
Endi navbatdagi vazifa Kaspiydan Pomirgacha bo‘lgan ulkan hudud bo‘ylab ta’sir chiziqlarini belgilab olish edi. Har ikki imperiyaning maxfiy kelishuvi asosida, chegara Shimoliy Afg‘oniston sarhadlari, Amudaryoning yuqori oqimi va undan ham yuqoriroqda Voxan darasi orqali o‘tadigan bo‘ldi.
Vaqt o‘tishi bilan dunyoni qayta taqsimlash borasidagi bahslar yanada keskinroq bosqichiga kirdi. O‘tgan asrning yigirmanchi yillaridagi iqtisodiy inqiroz oqibatida mushkulliklarga o‘ralashib qolgan AQShning zaif tashqi siyosatidan ilhomlangan Germaniya, Italiya va Yaponiya shu bahonada o‘zlarining hududiy muammolarini hal qilib olishga kirishdilar. Qisqa vaqt ichida Yevropa va Osiyoning katta qismi ularning qo‘liga o‘tdi. Bundan ruhlanib, ishtahasi ochilib ketgan bosqinchilarning AQSh, SSSR va Britaniya singari yirik davlatlarga qarshi hujumga o‘tishi ularning taqdirini uzil-kesil belgiladi. 1945 yilda dunyoni olti yil davomida bezovta qilgan gitlerchilar va ularning ittifoqchilari tarix sahnasidan batamom supurib tashlandi. Ammo bu bilan dunyoni qayta bo‘lib olish harakati tugamadi. Yalta va Potstam shartnomalari bo‘yicha endi chegara yangi sarhadlarda belgilandi.
1991 yilda sobiq ittifoqning parchalanib ketishi yana chegara chiziqlarini o‘zgarishiga sabab bo‘ldi. Putinning tushunchasiga ko‘ra: ”SSSRning parchalanishi XX asrning geosiyosiy halokati bo‘ldi”. Ammo bu fikrni hamma mamlakatlar uchun birdek qabul qilib bo‘lmaydi. Chunki bu tarixiy hodisa Yevropa va Osiyodagi o‘nlab yangi paydo bo‘lgan mustaqil davlatlar uchun halokat emas, balki Yaratganning ayni marhamati bo‘ldi. Parchalanib ketgan saltanatlarga xos postimperial kayfiyatlarning bo‘lishi tabiiy hol. Aynan ana shu xildagi ko‘z-qarashlar natijasida bugun ham dunyoni qaytadan bo‘lib olish harakatlari qizg‘in davom etmoqda. Endigi bahslar ochiqdan-ochiq harbiy yoki siyosiy usullar bilan bo‘lmasa-da, zimdan amalga oshirilmoqda. Kimdir iqtisodiy usul bilan, kimdir ma’naviy, yana kimdir diniy vaj asosida dunyo bo‘ylab o‘z ta’sirini yoyish bilan ovora.
Yon qo‘shnimiz Qozog‘iston Respublikasida sodir bo‘layotgan so‘nggi voqealar jahonshumul katta o‘yinning bizning kunlarimizda ham qizg‘in tus olayotganini ko‘rsatmoqda. U yerda yuzaga kelgan qaltis vaziyatdan foydalangan manfaatdor kuchlar darhol o‘z maqsadlarini amalga oshirishga kirishdilar. Har qanday davlatning ikkita yirik dushmani bo‘ladi. Ammo ikkalasining ham nomi bitta, ya’ni, ochko‘zlik. Tashqi g‘animlar mamlakat boyliklariga ko‘z tiksa, ichki dushmanlar esa qanday qilib bo‘lsa-da, shu boyliklarni qavm-qarindoshlari va yaqinlari bilan o‘zlashtirish uchun talashga zo‘r beradi. Agar ular guruhlashib talashga kirishsa, o‘rtada zimdan beomon jang boshlanadi. Bu ziddiyatlardan foydalangan tashqi g‘anim esa go‘yo tomonlarni murosaga keltirish uchun askarlarini kiritadi va shu tuproqlarga ildiz otib, shirasini so‘rib yotadi.
Dono xalqimizda: “Ikki qo‘chqorning boshi bir qozonda qaynamaydi”, degan ibratli maqol bor. Shu ma’noda, elboshi Nazarboyev lavozimini topshirib, otdan tushsa-da, egardan tushmadi. Yangi prezidentning qistalang bo‘lib turgan islohotlarni amalga oshirishiga unchalik ro‘yxush bermadi. Chunki, o‘zgarishlar elboshining ortida turgan nufuzli odamlarning manfaatlariga zid kelib, ularning noroziligiga sabab bo‘ldi. Bundan g‘azablangan sodda xalq g‘alayonlari iqtisodiy talablar bir yoqda qolib, “Yo‘qolsin chol!”, “Nazarboyev iste’foga!” singari siyosiy talablar qo‘yilgan qo‘zg‘olonga aylantirildi. Xullas, ulkan bir mamlakatda jaydari til bilan aytganda, guruhbozlik bosh ko‘tardi. Bir necha shaharlarda elboshi sharafiga tiklangan haykallar ag‘darib tashlandi.
Xudoyberdi Komilov,
siyosiy sharhlovchi.