Kattaqo‘rg‘on shahar drama teatri davlat musiqali drama teatriga aylantiriladimi?
Keyingi yillarda yurtimizda barcha sohalar kabi madaniyat va san’at sohasida ham qator islohotlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, so‘nggi uch-to‘rt yilda teatr san’ati bo‘yicha o‘ndan ortiq Prezident farmoni va qarorlari, Vazirlar Mahkamasining qaror va topshiriqlari qabul qilindi. Yangi teatrlar tashkil etilib, mavjudlari zamon talabi darajasida jihozlandi. Bu o‘zgarishlar samarasini bir asrlik tarixga ega Kattaqo‘rg‘on shahar drama teatri faoliyatida ham ko‘rish mumkin.
To‘yga munosib tuhfa
Teatrning 100 yillik yubileyi oldidan viloyat hokimligi tomonidan 800 million so‘m ajratilib, teatr binosining tom qismi va isitish tizimi to‘liq ta’mirlandi. Madaniyat vazirligi ajratgan 2 milliard 250 million so‘m mablag‘ga zarur jihozlar, ovoz kuchaytirish uskunalari hamda yoritish chiroqlari olingan.
- Teatrda xodimlar uchun yangi xonalar, oshxona, kichik tomosha zali, mehmonxona, teatr tarixi muzeyi, teatr arxivi, ovoz va chiroq sexlari tashkil etilib, ikkinchi qavatdagi yo‘laklar, xonalar va rassomlar sexi ta’mirlangani 100 yillik yubileyga tuhfa bo‘ldi, - deydi Kattaqo‘rg‘on shahar drama teatri direktori Botir Tugalov. - Jamoamizga nafaqat viloyat, balki mamlakat miqyosida tanilgan mashhur ijodkorlar jalb qilingani bizning eng katta yutug‘imiz. Xususan, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar Abdug‘ani Abdurazzoqov, Gulbahor Mamedova, Davron Qodirov O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Noila Koranova, «Do‘stlik» ordeni sohibasi Dilorom Egamova, «Shuhrat» medali sohibasi Gulnora Rizayevalarning faoliyati, ularning yoshlarga ibrati va shu teatr uchun kamarbasta bo‘lib ishlayotgani teatrda ijodiy muvozanatni saqlab turibdi.
Teatrimizning 100 yillik yubileyiga tayyorgarlik ko‘rish doirasida fidoyi aktyor va akrisa, rejissyorlar nomini abadiylashtirish maqsadida 400 dan ortiq asar va ularning mualliflari hamda rol ijro etgan teatr artistlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar topildi. To‘plangan ma’lumotlar asosida “Nurli yo‘l” deb nomlangan kitob albom tayyorlandi. Shu bilan bir qatorda teatrimiz asoschisi, jadid namoyandalaridan biri Abdulhamid Majidiy, O‘zbekiston xalq artistlari Shirin Meliyeva, Bahodir Yo‘ldoshev hamda dramaturg Samariddin Sirojiddinovning byustini teatr muzeyiga o‘rnatish va ular xotirasini abadiylashtirish uchun buyurtma berildi.
Teatr xalqaro aloqalar o‘rnatish bo‘yicha respublikada birinchi
Yurtimizdagi davlat teatrlari orasida birinchi bo‘lib Kattaqo‘rg‘on shahar drama teatri 2020 yilda qo‘shni Tojikiston Respublikasining Xo‘jand shahridagi Xo‘jandiy teatri bilan rasmiy memorandum imzolagan. Bugunga kelib teatr bilan ijodiy hamkorlik qilayotgan davlatlar soni 19 tani, memorandum imzolagan chet el teatrlari esa 23 tani tashkil etadi.
B.Tugalovning ma’lum qilishicha, 2020-2023 yillarda Kattaqo‘rg‘on shahar drama teatri ijodiy guruhi Tojikiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Gruziya, Ozarbayjon, Turkiya, Rossiya, Malayziya, Indoneziyaning bir qator shaharlarida ijodiy safarlarda bo‘lib, u yerdagi davlat va nodavlat teatrlari faoliyati bilan yaqindan tanishgan hamda Kattaqo‘rg‘on shahar drama teatri o‘rtasida memorandumlar imzolangan.
Bundan tashqari, Kattaqo‘rg‘on shahar drama teatri rahbariyati taklifiga ko‘ra, Kanada, AQSh, Angliya, Sloveniya, Eron, Hindiston, Pokiston, Xitoy, Fransiya, Janubiy Koreya davlatlaridan teatrshunos olimlar, teatr rahbarlari Samarqandga, xususan, Kattaqo‘rg‘on shahriga o‘zlarining hamkorlik borasidagi ijodiy rejalari bilan kelgan.
Teatr repertuarida sara asarlar bor
Teatr badiiy kengashi va ijodkorlari tomonidan teatr repertuarini zamon talabidagi asarlar bilan boyitish, tarixiy hamda jahon klassik asarlarini ko‘paytirishga alohida e’tibor qaratilgan. Shuningdek, yillik repertuar rejani tuzishda har bir asarning g‘oyaviyligi, dolzarbligi hamda tomoshaviyligi ham hisobga olingan holda teatr sahnasida buyuk sarkardalarimiz, dunyo ilm-u faniga hissa qo‘shgan allomalarimiz haqida ko‘plab asarlar sahnalashtirilgan.
- Keyingi yillarda Abdulla Oripov asari asosida “Sohibqiron”, Alisher Navoiyning “Bahrom va Dilorom”, Shuhrat Rizayev qalamiga mansub “Ona”, Abdulla Avloniy asari asosida “Advokatlik osonmu!”, dramaturg Muhammadali Ergashyevning “Imom Buxoriy”, Chingiz Aytmatovning “Erta qaytgan turnalar” spektakllari hamda gruziyalik dramaturg Otar Katamadze qalamiga mansub “Ayvon” asari sahnalashtirildi, - deydi teatr adabiy bo‘limi boshlig‘i Sunnatilla Qozoqov. - Joriy yilda teatr repertuarini yanada boyitish va tarixiy asarlarni sahnalashtirish maqsadida qirg‘izistonlik taniqli dramaturg, Qirg‘iziston o‘zbeklari jamiyati raisi, professor Begijon Ahmedovga Jaloliddin Rumiy hayotiga bag‘ishlangan “Rumiy” nomli pesa, ozarbayjonlik taniqli dramaturg, turkiy xalqlar tarixi bo‘yicha mutaxassis, professor Iftixor Piriyevga “Buyuk Turon” nomli pesa yozishga buyurtma berilib, spektakllar ustida ishlanmoqda.
Besh muhim tashabbus amalda
Davlatmiz rahbari tomonidan ilgari surilgan besh muhim tashabbus ijrosini ta’minlash hamda yoshlarning teatr san’atiga bo‘lgan qiziqishini oshirish, bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish maqsadida teatrda “Kitobxonlik”, “Yosh rassomlar”, “Aktyorlik mahorati”, “Milliy raqs” va “Tikuvchilik” to‘garaklari faoliyat ko‘rsatmoqda. Shuningdek, teatrga yaqin bo‘lgan hududlar, jumladan, Narpay, Paxtachi va Kattaqo‘rg‘on tumanlaridagi chekka qishloqlarda joylashgan maktablarda o‘quvchi-yoshlar uchun “Yosh aktyorlar” to‘garaklari tashkil etilgan va to‘garaklarga teatrning tajribali aktyorlari biriktirilgan.
Ijodkorlar qo‘llab-quvvatlanmoqda
- Teatrimizda 75 nafar xodim ishlaydi, - deydi B.Tugalov. - Xodimlarning yashash tarzi, oilaviy sharoitidan kelib chiqib ularga yordam ko‘rsatilmoqda. Jumladan, keyingi uch yilda xodimlar uchun 10 ta uy olindi, teatrda faoliyat olib borayotgan ishchi-xodim va artistlarning malakasi oshirildi, 17 nafari madaniyat va san’at yo‘nalishida oliygohlarga o‘qishga kirdi. Joriy yilda ustoz san’atkorlarning bir nafari Umra ziyoratiga yuborildi. Yil oxirigacha yana eng faol 4 nafar yosh ijodkorni xorij sayohatiga, 4 nafar ustoz san’atkorni esa chet eldagi eng yaxshi sihatgohlarga dam olishlari uchun jo‘natish rejalashtirilgan.
So‘ngi yillarda erishilgan yutuqlar
Teatr jamoasi yurtimizdagi barcha madaniy-ma’rifiy hamda ommaviy tadbirlar, kasb va milliy bayramlarda faol qatnashib kelmoqda. Teatrning yillik ish rejasiga muvofiq, yilida 4-5 martagacha poytaxtdan taniqli san’at ustalari taklif qilinib, madaniy-ma’rifiy hamda ommaviy tadbirlar, konsertlar tashkil etiladi. Teatr sahna ustasi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist G.Mamedova «Qaynona» spektaklidagi «Qaynona» obrazi uchun "Eng yaxshi ayol roli ijrochisi" nominatsiyasini, teatr oliy toifali aktyori U.Ochilov «Sohibqiron» spektaklidagi "Amir Temur" roli uchun "Yilning eng faol aktyori" nominatsiyasini qo‘lga kiritgan. Shuningdek, B.Tugalov, G.Mamedova hamda teatr oliy toifali aktyori Q.Ibragimov "Madaniyat va san’at fidokori" ko‘krak nishoniga loyiq ko‘rilgan.
Shahar teatri davlat teatriga aylantiriladi(mi?)
- Yaratilayotgan imkoniyatlardan to‘g‘ri va oqilona foydalangan holda o‘zbek teatr san’atini dunyoga tanitish, yurtimizga sayyohlar oqimini teatr san’ati orqali ko‘paytirish va Kattaqo‘rg‘on shahar drama teatri negizida Kattaqo‘rg‘on davlat musiqali drama teatrini ochish asosiy maqsadimiz, - deydi B.Tugalov. – Bu bo‘yicha taklif va loyihalar ishlab chiqilib, Madaniyat vazirligiga taqdim qilingan. Agar loyiha tasdiqlanib, maqsadimiz amalga oshsa, imkoniyatlarimiz kengayadi, xalqaro hamkorlarimiz va yurtimizga kelayotgan sayyohlar soni oshadi.
Shu maqsadda joriy yilda Samarqandda “Afrosiyob-I” xalqaro teatr san’ati festivalini o‘tkazish, butun turkiy halqlarni birlashtiruvchi “Buyuk Turon” asarini dastlab Kattaqo‘rg‘on shahar drama teari sahnasida va Registon maydonida katta masshtabda sahnalashtirish hamda bu asar bilan butun turkiy davlatlarga gastrol tashkil qilish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, Kattaqo‘rg‘on shahar drama teatri tashabbusi bilan “Samarqand teatr rassomlari” nomli ko‘rgazmani dunyoning eng mashhur muzeylarida tashkil etish, Indoneziya davlati Purnati teatri bilan hamkorlikda “Imom Buxoriy va Sukarno” spektaklini sahnalashtirish rejalashtirilgan.
Fazliddin RO‘ZIBOYeV.