Kattaqo‘rg‘on shahar hokimligi murojaatchini nega izlayapti?

Mamlakatimizda amalda bo‘lgan "Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida"gi qonunga muvofiq jismoniy shaxsning murojaatida uning familiyasi (ismi, otasining ismi), yashash joyi to‘g‘risidagi ma’lumotlar ko‘rsatilishi va murojaatning mohiyati bayon etilishi kerak. Yuridik shaxslar tomonidan qilinadigan murojaat talablari ham shunday – shaxsning to‘liq nomi, joylashgan yeri (pochta manzili) to‘g‘risidagi ma’lumotlar ko‘rsatilishi shart. Bundan mustasno vaziyatlarda murojaat anonim (nomi yashirin, muallifi noma’lum) hisoblanadi.

Viloyat teleradiokompaniyasida haftaning yakshanba kunlari tuman va shahar hokimlari, sektor rahbarlari, korxona va tashkilotlar mutasaddilari bilan o‘tkazilayotgan "Ochiq muloqot" dasturida aholi tomonidan bildirilayotgan murojaatlarda qonun talablariga rioya qilinmayotgan holatlar uchramoqda. Bu esa murojaat ijrosini ta’minlashda mas’ul idoralar xodimlarining chalg‘ishiga, sarsongarchiligiga sabab bo‘layotir.

Jumladan, Kattaqo‘rg‘on shahar hokimligidan tahririyatimizga yuborilgan xatda bayon etilishicha, 2018 yil 9 dekabrda shahar hokimi "Ochiq muloqot" orqali xalqning murojaatlarini tinglashi jarayonida shaharning Ziyolilar mahallasidan Omontosh Berdiyeva, 23 dekabr sanasida viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi E.Turdimovga esa o‘zini Safar Qodirov deb tanishtirgan fuqarolar "Novvoy qo‘shnilari tabiiy gaz quvurlariga turli so‘rgich moslamalar o‘rnatib olgani, buning oqibatida xonadonlarga tabiiy gaz me’yorida yetib bormayotgani, gaz bosimining pastligi"dan shikoyat qiladi.

Shahar hokimligi vakillari gaz ta’minoti idorasi, mahalla fuqarolar yig‘ini vakillari hamrohligida ushbu murojaatlar joyida o‘rganilganda ikkala fuqaro ham ko‘rsatilgan manzilda yashamasligi, ular bergan telefon raqamlari umuman boshqa shaxslarga tegishli ekani aniqlangan.

Shahar hokimiga Amir Temur mahallasida yashovchi Aziza Jumayeva nomidan bildirilgan murojaatda "Kattaqo‘rg‘on shahar pedagogika kollejining maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyachisi yo‘nalishini tugatib, ish topish maqsadida bandlik markaziga qilgan murojaati paysalga solinayotgani" to‘g‘risida aytiladi. Masala o‘rganilganda A.Jumayevaning ushbu mahallada ro‘yxatda emasligi, yashamasligi ma’lum bo‘lgan.

Yaqinda Ishtixon tumani hokimi bilan o‘tkazilgan muloqot jarayonida aholidan tushayotgan murojaatlarning aksariyatida muallifning ism-sharifini yashirishi, manzilini aytmasligiga studiyada turib guvoh bo‘ldim. Bundan ko‘rinadiki, odamlarda haliyam istihola, "Hududimizdagi muammo haqida gapirib qo‘ysam, tuman rahbarlari tazyiqiga uchrashim mumkin", degan hadik bor yoki ular murojaat qilish tartiblaridan bexabar.

Bugun Prezidentimiz tashabbusi bilan ilgari surilgan "Xalq davlat idoralariga emas, davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak" tamoyili asosida joylardagi boshqaruv organlari mutasaddilari xonadonma-xonadon yurib, odamlarning dardini tinglayotgan, sayyor qabullar, ochiq muloqotlar o‘tkazib, mahallalarimizdagi kamchilik va masalalarga yechim izlanayotgan bir paytda yolg‘on xabaru anonim murojaatlar bilan nuqsonni bartaraf etib bo‘lmaydi.

Yurtdoshlarimiz o‘z murojaatlarida ism-sharifi, manzilini to‘liq ko‘rsatsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi.

Shu o‘rinda taklifimiz, axborot texnologiyalari rivojlangan asrda yashayotgan ekanmiz, viloyat teleradiokompaniyasi "Ochiq muloqot" ko‘rsatuvining aholi murojaatlari uchun ajratilgan telefon apparatlarini zamonga munosib tarzda, kiruv qo‘ng‘iroqlarini aniqlash va ko‘rsatish moslamalari bilan jihozlashi kerak. Shunda murojatchining qaysi raqamdan foydalangani, manzil bo‘yicha bildirilgan masalaning asosli yoki asossizligini aniqlash imkoni yaratiladi.

Abdug‘ofur SHERXOLOV,

«Zarafshon» muxbiri.