Kattaqo‘rg‘on shahri aholisining ichimlik suv ta’minoti 95 foiz va oqava xizmati ta’minoti 90 foizga yetkaziladi

Buning uchun Jahon banki ishtirokida 2020-2024 yillarda umumiy qiymati 66 million dollar bo‘lgan “Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on shahrini ichimlik suv ta’minoti va oqava tizimlarini yaxshilash” loyihasi amalga oshiriladi.

Loyiha asosida “Murtak” va “Ko‘rpa” suv inshootini rekonstruksiya va modernizatsiya qilish ko‘zda tutilmoqda. Shuningdek, 50 kilometrdan ortiq magistral va ichimlik suvi tarqatish tarmoqlarini qurish va rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan.

Quvvati sutkasiga 30 ming metr kub bo‘lgan oqava suv tozalash inshooti hamda 40 kilometrdan ortiq oqava suv tarmoqlari qurilib, rekonstruksiya qilinadi.

Natijada, hududda yashovchi aholining ichimlik suv ta’minoti 95 foiz va oqava xizmati ta’minoti 90 foizga yetkaziladi. Shuningdek, elektr energiyasi sezilarli darajada iqtisod qilinishi hamda aholiga uzluksiz ichimlik suvi yetkazib berilishi yo‘lga qo‘yiladi.

Bugungi kunda “SEST infrastrukturniy” xalqaro konsalting kompaniyasi tomonidan loyihaning texnik-iqtisodiy asoslari ishlab chiqilmoqda.