Kattaqo‘rg‘on shahridagi 10 oilaga 5 million so‘mdan pul berildi

Bugun joylarda aholi turmush sharoitini yaxshilash, kambag‘allikni tugatish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar asosidagi ishlar izchillik bilan olib borilmoqda. Bu borada Kattaqo‘rg‘on shahrida ham mahallalar kesimida ro‘yxati shakllantirilgan, kam ta’minlangan oilalarni kambag‘allikdan chiqarish choralari ko‘rilmoqda.

Shahar hokimi, senator Gavhar Alimova rahbarligidagi 1-sektorda joylashgan Navbahor mahallasida sektor hududidagi mahallalarda yashovchi uch oilaga 2 boshdan qo‘y, 13 oilaga bir qopdan un, 1 nafar fuqaroga popkorn apparati, uy-joyini ta’mirlash uchun 10 nafar fuqaroga 5 million so‘mlik sertifikatlar taqdim etildi.

- Maktab oshxonasida ishlardim, - deydi “Ko‘hnadam” mahallasida yashovchi Gulnora opa. - Hozirda uydamiz. Bir nafar farzandim bor, u ham ishsiz. Bugun bizga shahar hokimligi tomonidan ona-bola qo‘y berishdi. Albatta, kelgusida shuning ortidan oilamizning moddiy ahvolini yaxshilaymiz.

G.Alimova sertifikatlarni topshirar ekan, bugun shaharda har bir inson taqdiri e’tiborda ekani, oilalar farovonligi, tinchligi va totuvligini ta’minlash, aholi hayotini har tomonlama yaxshilash bo‘yicha aniq va manzilli chora-tadbirlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.

Kattaqo‘rg‘on shahar hokimligi axborot xizmati.