Kattaqo‘rg‘on tumani davlat xirmoniga 27 ming tonnadan ziyod g‘alla topshirdi

Kattaqo‘rg‘on tumani dehqonlari davlatga g‘alla sotish shartnomaviy rejasini ortig‘i bilan bajardi. 258 ta fermer xo‘jaliklari tasarrufidagi 8 926 gektar maydonda mo‘l hosil yetishtirgan g‘allakorlar davlat xirmoniga 25 ming 139 tonna o‘rniga 27 ming tonnadan ziyod sara don topshirishdi. Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmati xabar bermoqda.

G‘alla hosilini o‘rib olish uyushqoqlik bilan o‘tkazilmoqda. Tumandagi “Qoradaryo sohili charog‘on”, “Behruzbek”, “Mangaron unumdor zamin”, “Usmon bobo” fermer xo‘jaliklarida davlatga g‘alla sotish rejasi 140-150 foizga uddalandi. “Yoqub bobo” fermer xo‘jaligi esa rejani salkam 200 foizga bajardi. G‘alla o‘rimida ishtirok etayotgan Abduhomid Ergashev, Yunus Fayziyev, Doniyor Rashidov kabi kombaynchilar har kuni 25 gektargacha maydonidagi g‘allani o‘rishga erishib, boshqalarga namuna bo‘lmoqdalar.

Ayni paytda xalqimizning rizqu nasibasi bo‘lgan g‘allani tez fursatlarda yig‘ishtirib olish uchun o‘rim-yig‘im ishlari avjida.

Viloyat hokimligi g‘alla yetishtirishda munosib hissasini qo‘shgan kattaqo‘rg‘onlik barcha fermer xo‘jaliklari rahbar, xodimlariga, g‘allakorlarimizga o‘zining chuqur minnatdorchiligini bildiradi.