Kattaqo‘rg‘on tumani hokimi olis qishloq odamlariga mobil telefonlar uchun to‘lqin uzatish moslamalari o‘rnatishni va’da qildi
Kattaqo‘rg‘on tumani hokimi A’zamxon Baxromovning Jizmonsoy mahallasida o‘tkazgan sayyor qabuli davomida fuqarolarning muammolariga yechim topildi, deb yozmoqda “Kattaqo‘rg‘on haqiqati”.
O‘tkazilgan navbatdagi sayyor qabul tumanning eng olis Jizmonsoy mahallasidagi 74-umumiy o‘rta ta’lim maktabida bo‘lib o‘tdi. Qabul davomida jizmonsoyliklar va shu hududga yaqin aholi massivlarida istiqomat qiluvchi aholi tomonidan yo‘l ta’miri, elektr energiyasi, uy-joy, tibbiy xizmat va moddiy yordam kabi 40 dan ziyod murojaat kelib tushdi.
Qabulda fuqaro Vali Karimov hududda mobil telefon aloqasi yo‘qligi yuzasidan murojaat qildi. Uning murojaati yuzasidan tegishli tashkilotlarga topshiriqlar berildi. Yaqin orada hudud aholisiga uchta mobil telefonlar uchun to‘lqin uzatish moslamalari o‘rnatiladigan bo‘ldi.
Tumandagi Yovi mahallasida istiqomat qiluvchi fuqaro Dilsora Mamadiyorovaga uyda betob yotgan qaynonasi uchun tuman hokimligi tomonidan shu yerning o‘zida nogironlik aravachasi berilgan bo‘lsa, fuqaro Oysara Rahmonovaning nogironligi bo‘lgan qiziga uy sharoitida tikuvchilik bilan shug‘ullanish uchun Yoshlar ittifoqi tuman kengashi tomonidan tikuv mashinasi bilan ta’minlanadigan bo‘ldi.
- Salomatligim yomonligi, ishlolmaganligim tufayli ko‘p yillardan buyon yashab turgan uyim ta’mirga muhtoj edi, - deydi Jizmonsoy mahallasida yashovchi fuqaro Oybek Xo‘shoqov. - Bugungi sayyor qabulda tumanimiz hokimidan yordam so‘radim. U kishiga ming rahmat, oilaviy sharoitimizni tushunib, bizdan o‘z ko‘magini ayamadi. Uyimizni tom qismini ta’mirlash uchun 150 dona shifer beradigan bo‘ldi. Buning uchun oddiy odamlarni dardini tinglab, ularni muammolariga befarq bo‘lmayotgan Prezidentimizdan, tumanimiz rahbarlaridan behad minnatdormiz.
Tuman hokimi, Xalq qabulxonasi mudiri va sektor rahbarlari tomonidan murojaatlarning yarmidan ko‘pi shu joyning o‘zida hal etildi. Ayrim masalalar yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi idora vakillari tomonidan huquqiy tushuntirishlar berildi.
Sayyor qabul so‘nggida tuman hokimligi va homiy tashkilotlar tomonidan hududda istiqomat qilayotgan kam ta’minlangan oilalarga 50 xalta un va 50 ta gaz balonlari bepul tarqatildi.