Kattaqo‘rg‘on tumanida 228 nafar fuqaroning murojaati yechimini topdi, 23 nafar fuqaro ishga joylashdi

Viloyat hokimi Erkinjon Turdimov aholi bilan yaqindan muloqotda bo‘lish, ularning muammolariga yechim topish maqsadida Kattaqo‘rg‘on tumanidagi Bolalar va o‘smirlar sport maktabida sayyor qabul o‘tkazdi. 
Viloyat hokimligi axborot xizmatining xabar berishicha, sayyor qabul davomida  228 nafar fuqarolarning murojaatlari ko‘rib chiqildi. Barcha masalalar birma-bir tinglanib, ularning yechimi yuzasidan mas’ullar biriktirildi. Murojaatlarning aksariyatini elektr ta’minoti, yo‘l, tibbiy xizmat ko‘rsatish masalalari tashkil etdi.

- Tug‘ma nogironligim bor, - deydi Kattaqo‘rg‘on shahridan qabulda ishtirok etgan Rustam Mo‘minov. – Nogironlik aravachasiga ehtiyojim borligi tufayli bir necha bor Kattaqo‘rg‘on shahar hokimligiga murojaat qilgan edim. Muammo yechim topmadi. Bugun viloyat hokimining g‘amxo‘rligi tufayli nogironlik aravachasi bilan ta’minlandim. Buning uchun viloyat hokimidan, Kattaqo‘rg‘on tuman hokimidan cheksiz minnatdorman. 

Shuningdek, qabul chog‘ida hududda mehnat yarmarkasi o‘tkazilib, fuqarolarga tumandagi 55 ta korxonada mavjud 399 ta bo‘sh ish o‘rinlari taklif etildi. 23 nafar fuqarolarga ishga joylashish uchun yo‘llanmalar berildi.
Tuman davlat xizmatlari markazi xodimlari esa shu yerning o‘zida 112 nafar fuqaroga turli davlat xizmatlarini ko‘rsatdi. Jumladan, 15 nafar fuqaroning o‘zboshimchalik bilan qurilgan turarjoy binosiga egalik huquqi tasdiqlandi.
 
Eslatib o‘tamiz: Erkinjon Turdimov 30 mart kuni Qo‘shrabot tumanida ommaviy sayyor qabul o‘tkazishi ko‘zda tutilgan.