Kattaqo‘rg‘on tumanida 8743 gektar maydonda g‘alla parvarishlandi : “Grand Trans” viloyatda birinchi bo‘ldi
Kattaqo‘rg‘on tumanida bu yil 8743 gektar maydonda g‘alla parvarishlandi va tuman dehqonlari davlatga 25 ming 139 tonna don sotish bo‘yicha shartnoma tuzganlar.
O‘rim-yig‘im ishlari boshlanganiga ko‘p bo‘lmasdan birin-ketin xo‘jaliklar davlatga g‘alla sotish shartnoma rejasini bajarishyapti. Ayniqsa, tumandagi “Grand Trans” muqobil mashina traktor parki hududidagi fermer xo‘jaliklari davlatga g‘alla topshirish rejasini viloyatda birinchilardan bo‘lib ortig‘i bilan uddaladilar.
Hududdagi 9 ta fermer xo‘jalik g‘allakorlari joriy yil 376 gektar maydonda dehqonchilik qilib, yog‘ingarchilik pallasida ham rizq-ro‘zimizni turli kasalliklardan asray olishdi. Tumanning suv yetib borishi qiyin bo‘lgan dasht hududida joylashgan fermer xo‘jaliklari 4 kunda 188 gektar maydondan el xirmoniga rejada 938 tonna o‘rniga 1002,8 tonna g‘alla topshirib, muqobil mashina traktor parklari orasida viloyatda birinchilardan bo‘lib davlatga g‘alla sotish shartnoma rejasini 106 foizga bajardilar.
- Hozirda har gektar maydondan olingan hosil 53,5 sentnerni tashkil etdi va qolgan maydondagi 1000 tonnaga yaqin g‘alla fermerlar ixtiyorida qolishi kutilyapti, - deydi tuman hokimligi yetakchi mutaxassisi Ruslan Asayev. – Bu hududda ko‘p yillardan buyon bunday yuqori hosildorlik kuzatilmagandi. Buning asosiy omili sifatida, avvalo, nav to‘g‘ri tanlandi. Qolaversa, agrotexnik tadbirlar va zararkunandalarga qarshi kurash vaqtida olib borildi. Bahorning seryog‘in kelishi ham hosildorlikning yuqori bo‘lishiga xizmat qildi. Guruhlarga biriktirilgan kombaynlar hosilni qisqa fursatda, nest-nobud qilmasdan yig‘ishtirib olishga harakat qilishmoqda. Mavsumga jalb etilgan ishchi-xodimlarning moddiy manfaatdorligi va ularga yaratilayotgan shart-sharoitlar ish unumini oshirmoqda.
O‘.Xudoyberdiyev.