Kattaqo‘rg‘on tumanida saylovchi identifikatsiya belgilari asosida qayd qilinmoqda
Viloyat saylov komissiyasidan ma’lum qilishlaricha, bu jarayon tajriba tariqasida tumandagi 2-maktab binosida joylashgan 516-saylov uchastkasida amalga oshirilmoqda.
- Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatiga kiritilgan 784 nafar fuqaro ovoz berishi rejalashtirilgan, - deydi uchastka saylov komissiyasi raisi Shoira Musayeva. – Yaxshi bilasiz, ovoz berishga kelgan saylovchiga byulleten berishda uning fuqarolik pasportiga qarab, ro‘yxatga qayd qilinadi. Shundan so‘ng saylov byulletenlari beriladi.
Bugun uchastkamizga ovoz berish uchun kelgan fuqarolar identifikatsiya belgilari asosida qayd etilmoqda. Buning uchun uch dona biometrik identifikator o‘rnatilgan.
Jarayon quyidagicha amalga oshiriladi: fuqaro pasporti bilan kelib, uni identifikatorga qo‘yadi. Kompyuterga o‘rnatilgan videoregistrator fuqaroni bazada mavjudligini va qarshisida turgan odam identifikatorga qo‘yilgan pasport egasi ekanligini qayd etsa, unga byulleten beriladi. Ya’ni, bir odam boshqa fuqaroning o‘rniga saylov byulleteni olmasligi elektron tarzda kafolatlanadi.
Jarayonning qonuniy talablar asosida o‘tishi uchun uchastka yuqori tezlikka ega internet tarmog‘i bilan ta’minlangan. Yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarni qisqa fursatda bartaraf qilish uchun tajribali mutaxassislar biriktirilgan.