Kattaqo‘rg‘onda ish boshlagan gemodializ markazida muolajalar bepul

Kattaqo‘rg‘on shahar tibbiyot birlashmasida 6 ta gemodializ apparati o‘rnatilib, Kattaqo‘rg‘on, Ishtixon, Qo‘shrabot, Paxtachi, Nurobod va Narpay tumanlarida istiqomat qiluvchi muhtoj bemorlar uchun gemodializ markazi ish boshladi.

- Buyrak yetishmovchiligi xastaligi bilan yashayotgan bemorlar uchun gemodializ muolajalari qanchalik muhimligini ko‘pchilik yaxshi biladi, - deydi Kattaqo‘rg‘on shahar tibbiyot birlashmasi boshlig‘i Shoira Nurullayeva. – Ushbu xastalikka chalinganlarning ba’zilari har uch kunda, har kuni yoki haftada bir marta ushbu muolajani oladi. Shu paytga qadar ular ushbu muolajani olish uchun viloyat markaziga borishiga to‘g‘ri kelardi. Ayniqsa, har kuni gemodializ olishga to‘g‘ri keladigan bemorlar uchun viloyat markaziga qatnash qiyinchilik tug‘dirardi. Endilikda Kattaqo‘rg‘on va shu hududga yaqin tuman ahli ushbu muolajalarni shu yerda xuddi viloyat markazidagi kabi sharoitlarda, bepul olishi mumkin. Allaqachon bemorlar bu xizmatdan foydalanib kelishmoqda. Ayni kunlarda bu muolajalar karantin qoidalariga amal qilingan holda bajarilmoqda.

Aholiga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatishda barcha qulayliklarga ega bo‘lgan mazkur markazda hozirda 62 nafar bemorga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatilmoqda.