Kattaqo‘rg‘onga zamonaviy paxta terish mashinalari keltirildi
Joriy yilda Samarqand viloyati paxtakorlari tomonidan 75 ming 580 gektar maydonda chigit ekilib, 215 ming 500 tonna paxta xom ashyosi tayyorlash uchun puxta zamin hozirlandi.
Ayni paytda viloyatdagi barcha paxtachilik klaster korxonalari tomonidan hosilni yig‘ishtirib olishga qizg‘in hozirlik ko‘rilmoqda. Buning uchun zamonaviy paxta terish mashinalarini xarid qilayotgan korxonalar ham ko‘p.
Jumladan, Kattaqo‘rg‘on tumanidagi “Kattaqo‘rg‘on klaster” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan 980 gektar yer maydonidagi paxtani qisqa muddatda yig‘ib-terib olish maqsadida Toshkent qishloq xo‘jaligi texnikalari zavodida ishlab chiqarilgan 4 dona zamonaviy paxta terish mashinasi keltirildi.
– Bu yil tumanimizda 10 ming 999 gektar maydonda paxta yetishtirildi, – dedi “O‘zagroinspeksiya” Kattaqo‘rg‘on tuman bo‘limi boshlig‘i Nurali Namozov. – Hozirda g‘o‘za defoliatsiyasi va paxta yig‘im-terimida qatnashadigan texnikalarni mavsumga tayyorlash ishlari belgilangan reja asosida amalga oshirilmoqda. 245 dona traktorlar, 512 dona traktor tirkamalari hamda 44 dona purkagichlar tumanning o‘n hududida belgilangan joylarga yig‘ilib, ta’mirlash ishlari nihoyasiga yetkazildi va mavsumga shay holga keltirilgan.
“O‘zagroinspeksiya”ning Samarqand viloyat boshqarmasining ma’lum qilishicha, tumandagi “Amina gold Invest” agroklaster korxonasi tomonidan ham bu yil 11 dona zamonaviy paxta terish mashinasi xarid qilinishi rejalashtirilgan.