Kattaqo‘rg‘onlik fuqaro qiziga tug‘ilganlik haqida guvohnoma ololmadi

U qizi uyda tug‘ilganligini, otasi qizaloq tug‘ilmasidan avval tashlab ketganligini bildirgan.

Murojaat asosida Kattaqo‘rg‘on tumani adliya bo‘limi 1968 yilda Kattaqo‘rg‘on tumanida tug‘ilgan Dildora Husainova (ism va familiyasi o‘zgartirilgan) manfaatida tug‘ilganlik faktini belgilashni so‘rab, sudga davo kiritgan.

Ma’lum qilinishicha, D.Husainova yoshligida bir yigit bilan turmush qurib, qonuniy nikohdan o‘tmasdan birga yashagan. Keyinchalik yigit tashlab ketgan va u 1993 yilda qizli bo‘lgan.

D.Husainova farzandi uy sharoitida tug‘ilganini, yetishmovchilik sababli o‘sha vaqtda tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma ololmaganligini, hozirgi paytda qizi maktabni va kollejni ham tugatganligini, farzandiga tug‘ilganlik haqida guvohnoma olishligi zarurligini bildirgan.

Ma’lum bo‘lishicha, D.Husainova Kattaqo‘rg‘on tumani FHDYo bo‘limiga murojaat qilganida u yerdan fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga murojat qilish mumkinligi tushuntirilgan.

Da’vo arizasiga Kattaqo‘rg‘on tumani “Zarafshon” qishloq vrachlik punkti mudirasi va Kattaqo‘rg‘on tumani tibbiyot birlashmasi mutaxassisi va Kattako‘rpa mahallasi raisi hamda guvohlar tomonidan tuzilgan dalolatnoma ilova qilingan.

Kattaqo‘rg‘on tumani tibbiyot birlashmasining tibbiy ma’lumotnomasida fuqaro D.Husainova tomonidan farzandi uy sharoitida, 1993 yil 7 martda ikkinchi homiladorlik, ikkinchi tug‘ruq, ikkinchi bola sifatida tug‘ilganligi qayd etilgan.

Maktabdan berilgan shahodatnomada bolaning tug‘ilgan kuni 1993 yil 10 mart ekanligi va tug‘ilgan joyi Turkmaniston Respublikasi, Asfanskiy viloyat, Chorjuy shahri ekanligi qayd etilgan.

Maktab ma’muriyati tomonidan tuzilgan dalolatnomaga ko‘ra, N.Husainovaning tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi bo‘lgan va u tumandagi xizmat ko‘rsatish va servis kasb-hunar kollejiga topshirilgan.

Mazkur holatlardan so‘ng “Zarafshon” qishloq vrachlik punkti mudiri va tuman tibbiyot birlashmasi mutaxassisi o‘z ko‘rsatmalarini o‘zgartirib, ma’lumotnomalar tegishli guvohlarning ko‘rsatmalariga asosan asossiz to‘ldirilganligini, qilgan ishidan pushaymonligini va ushbu ma’lumotlarni sud tomonidan hujjat sifatida qabul qilmaslikni so‘ragan.

Sud “Zarafshon” QVP mudiri, tuman tibbiyot birlashmasi hamda Kattako‘rpa mahallasi raisining xatti-harakatlariga tegishlicha baho berib, rasmiy hujjatlarga soxta ma’lumot va yozuvlar kiritishi, hujjatlarni qalbakilashtirishi yoki bilib turib, soxta hujjatlar tuzishi va taqdim etishi oqibatida davlat manfaatlariga jiddiy zarar yetkazilishi, asossiz va yolg‘on ma’lumotlar asosida rasmiylashtirilganlik holatlariga qonuniy baho berish maqsadida xususiy ajrim chiqargan. Ish tergovga oshirilgan.

Sudning hal qiluv qarori bilan Kattaqo‘rg‘on tumani adliya bo‘limining fuqaro D.Husainova manfaatida uy sharoitida tug‘ilgan faktini belgilash haqidagi da’vo arizasi o‘z isbotini topmaganligi va fuqaroning murojaatlari asossiz ekanligi sababli da’vo arizasini qanoatlantirish rad etilgan.

Kamol NAMAZOV,

fuqarolik ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on tumanlararo sudi raisi.