Kattaqo‘rg‘onlik hunarmand niqob tikib, mahalladoshlariga tarqatmoqda
Kattaqo‘rg‘on shahridagi Noqis mahallasida istiqomat qiluvchi Shaxzoda opani ko‘pchilik yaxshi taniydi. Mahalladagi aksariyat qizlar opadan milliy liboslar, zebigardonlar, qadimiy va zamonaviylik uyg‘unlashgan kelinlik liboslarini tikishni o‘rgangan. Bir bo‘lib sinovli kunlarni yengib o‘tamiz, deb oldiga maqsad qilgan Shaxzoda opa mahalladoshlari uchun xayrli yumushni amalga oshirmoqda.
- 10 yildan buyon oilamiz bilan milliy liboslar, kelinlarimiz uchun zebigardonlar va tojlar yasab, yuzlab shogirdlarimga ham o‘rgatib kelmoqdaman, - deydi Shaxzoda Hojimatova. – Bugun barchamiz uyda o‘zimiz, yaqinlarimizning sog‘lig‘i, jamiyatning ertasi uchun kurashayotgan bir davrda mahalladoshlarim uchun tibbiy niqoblar tikib tarqatyapman. 100 dan ortiq niqoblarni farzandlarim, turmush o‘rtog‘im bilan tikib, qo‘ldan kelgancha aholimizni ta’minlashga harakat qilyapmiz. Nasib bo‘lsa, bu kunlarni yengib o‘tgach, faoliyatimni yanada kengaytirib, kashtachilik yo‘nalishida ham shogirdlar tayyorlamoqchiman. Asosiysi, bugun milliy qadriyatlarimiz yana sayqal topib, unga e’tibor kuchaydi.
Shaxzoda opa kabi Narpay, Ishtixon tumanlaridagi hunarmandlar ham tibbiy niqoblar tikib, mahalladoshlariga tarqatmoqda.
Nasiba JONTO‘RAYeVA.