Kattaqo‘rg‘onliklarning asosiy muammosi ichimlik suvi va kanalizatsiya
Viloyat teleradiokompaniyasida bo‘lib o‘tgan "Ochiq muloqot" ko‘rsatuvida Kattaqo‘rg‘on shahar hokimi Muzaffar Hoshimov, sektorlar hamda tashkilotlar rahbarlari aholidan tushgan savollarga javob berdi.
"Ochiq muloqot"ga asosan suv, kanalizatsiya, yo‘l, uy-joy va tibbiy sohaga oid muammolar hamda tadbirkorlikni rivojlantirish, aholini ish bilan ta’minlash haqida savollar yo‘llandi. Jumladan, Kattaqo‘rg‘on shahar Fayzullo Xo‘jayev nomli mahallada yashovchi Rahima Qo‘ziyeva yo‘llagan murojaat shunday bo‘ldi:
– Mahallamiz yo‘llari juda yomon va kanal bo‘yida joylashganligi sababli qorong‘u, u yerdan o‘tishga qiynalamiz. Shu bois ko‘chalarimizni ta’mirlash va tungi yoritgichlarni o‘rnatib berishingizni so‘rayman.
Shahar hokimi mazkur muammoni joriy yil sentyabr oyiga qadar bartaraf etilishi, boshqa ichki yo‘llar ham asfalt qilinishini ta’kidladi.
Savol egasi R.Qo‘ziyeva bilan bog‘langanimizda u javobdan qoniqqanligini va "Shahar hokimi tashabbusi bilan olib borilayotgan keng bunyodkorlik ishlari qatorida bizning ham mahallamiz obod bo‘lib qolsa, boshimiz ko‘kka yetardi", degan fikrlarni aytdi.
– Bizni ko‘pdan buyon suv muammosi qiynab keladi. Ko‘chalarimizni suv o‘tkazamiz, deb qazib ketishgandi. Bir necha oy bo‘ldiki suv hanuzgacha kelmadi. O‘rtada asfalt yo‘llarimiz loy ko‘chaga aylangani qoldi, xolos. Nega mas’ullar o‘zlarining xizmat vazifalariga sovuqqonlik bilan qarashmoqda?
Shu savolni yo‘llagan Kattaqo‘rg‘on shahri Ingichka qo‘rg‘oni Mirobod mahallasida yashovchi Parda Rustamov bilan bog‘langanimizda u hokimning javobidan qoniqmaganini aytdi: "Kattaqo‘rg‘on shahri mutasaddilari bilan o‘tkazilgan oldingi "Ochiq muloqot"da suv yo‘qligini aytib murojaat qilgan edim. Mutasaddilar bu muammoni hal qilib berishini aytgandi. Biroq va’da va’daligicha qolib ketdi.
Muloqotda mutasaddilar qirqdan ortiq savollarga javob qaytardi. Shuningdek, ko‘rsatuvda o‘qilmay qolgan savollar bilan shug‘ullanish yuzasidan mas’ul korxona va tashkilot rahbarlariga ko‘rsatma berildi.
Muloqotdan so‘ng Muzaffar Hoshimovning fikrlariga quloq tutdik:
– Bu ko‘rsatuv biz uchun ko‘zgu bo‘lyapti. Sababi, kamchiliklarimizni bilib olyapmiz. Bugungi muloqotga tushgan savollarning barchasi Kattaqo‘rg‘on shahar hokimligi tomonidan to‘liq nazoratga olinadi. Biroq uning hammasini ham tez muddatda bajaramiz, deb aytolmayman. Sababi, fuqarolarimizning yillar davomida yig‘ilib qolgan muammolari bor. Ularni bartaraf etish uchun vaqt kerak.
Ayni paytda shahardagi yo‘l, isitish tizimi, ishsizlik kabi muammolarga yechim topish harakatidamiz. Bizni qiynab kelayotgan og‘ir masala – suv va kanalizatsiya bo‘lsa, bu ishlar bo‘yicha ham tizimli ishlar amalga oshirilyapti. Bugun tushgan savollar albatta, o‘z yechimini topadi va keyingi muloqotlarda bu murojaatlar takrorlanmaydi.
Abdujabbor PO‘LATOV.