“Kavkaz asirasi” - Brejnev “asir”likdan qutqargan film

1967 yilda ekranlarga chiqqan “Kavkaz asirasi” o‘zbek kino muxlislarining ham sevimli filmiga aylangan. Oradan 55 yil o‘tgan bo‘lsa-da, film kinoteatr, televideniye ekranlaridan tushgan emas. Ammo filmni suratga olish, keyinchalik ekranlarga chiqishi oson kechmaganligini hamma ham bilmasa kerak.

Avvalo, filmni biz mashhur uchlik aktyorlarsiz ko‘rishimiz mumkin edi. Ularni tanqidchilarning ko‘rgani ko‘zlari yo‘q edi. Rejissiyor Leonid Gayday esa Yuriy Nikulin, Georgiy Vitsin, Yevgeniy Morgunov allaqachon o‘zlarining imkoniyatlaridan foydalanib bo‘lishgan, deb hisoblardi. Buning ustiga Ye.Morgunov ssenariyni mutlaqo kulgili emas, deb qo‘l siltadi. Yu.Nikulin esa shuhrat keltiradigan boshqa rollar qidirardi.

Biroq rejissyor ularga kartinaga qiziqarli hazillar va tryuk kiritishga va’da berib, komediyada o‘ynashga ko‘ndirdi. Uchlik rozi bo‘lsa-da,  Leonid Gayday uchun turgan-bitgani bosh og‘riqqa aylandi. Morgunov esa umuman rejissyorga bo‘ysunmadi. Aktyorlar lavhalarni o‘zlaricha ijro etar, bu esa Gaydayning jahlini chiqarardi. Oxir-oqibat u Morgunovni suratga tushishdan chetlatdi. Nikulin va Vitsin ham rol o‘ynashni rad qildi. Natijada Gayday Morgunovdan kechirim so‘rab, uni qaytishga zo‘rg‘a ko‘ndirdi.

 Nina - Natalya Varli 500 nomzod ichidan tanlab olindi. Tryuklarni uning o‘zi bajardi, ammo tajribasizligi uchun unga ovoz berish uchun Nadejda Rumyansivani chaqirishga to‘g‘ri keldi. Ayiq haqidagi qo‘shiqni ijro etishi uchun Aida Vedishevani taklif etishdi. Qo‘shiq Gaydayga yoqmadi, uni filmdan o‘chirib tashlamoqchi bo‘ldi. Ammo suratga olinayotgan aktyorlar bir bo‘lib, qo‘shiqni qoldirishga ko‘ndirishdi.

Mashaqqat bilan suratga olingan komediya badiiy kengash tomonidan qabul qilinmadi va ekranlarga chiqarish man qilindi. Kengash filmni sovet voqeligiga zid, o‘tmish feodal elementlari mavjud ekanligini ta’kidladi va komediya kinofond omboriga uloqtirildi.

Filmni “asir”likdan Leonid Brejnev qutqardi. U dala hovlida dam olayotganda zerikib bironta yangi film topib kelishlarini buyurdi. “Kavkaz asirasi”dan boshqa film topilmadi. Film Brejnevga juda yoqdi. U siyosiy byuro a’zolariga ham komediyani bir necha marta tomosha qildirdi. Shu zayl komediyani ekranlarga chiqarishga yo‘l ochilgan edi. Film 1967 yil aprelda prokatga chiqarildi va yetakchilikni egalladi. Komediyani 76 million tomoshabin ko‘rdi.

T.Shomurodov tayyorladi.