Kengash ham, deputatlar ham avvalgidek emas
Xalq deputatlari viloyat Kengashining oltmish ikkinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi.
Sessiyani Kengash raisi, viloyat hokimi E.Turdimov boshqardi.
Kun tartibiga kiritilgan masalalar sessiyadan oldin doimiy komissiyalar va maslahat guruhida ko‘rib chiqilayotgani sababli bu gal ham dastlab bir qator masalalar bo‘yicha Kengashning qarorlari tasdiqlab olindi.
Jumladan, viloyat mahalliy byudjetining qo‘shimcha manbalaridan foydalanish to‘g‘risidagi, davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarini olib qo‘yish bo‘yicha taqdimotni ko‘rib chiqish va tasdiqlash to‘g‘risidagi, davlatimiz rahbarining 2022 yil 22 yanvardagi “2022-2024 yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan 2023–2025 yillarda amalga oshiriladigan ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasi loyihalari haqidagi masalalar yuzasidan qarorlar qabul qilindi.
Shundan so‘ng Narpay tumani hokimi vazifasini bajaruvchi Sh.Rahmonov va sektor rahbarlarining tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish darajasini baholashning reytingi ko‘rsatkichlariga ko‘ra tumanning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish holatini yaxshilash yuzasidan amaliy chora-tadbirlar dasturining ijrosi to‘g‘risidagi hisoboti ko‘rib chiqildi.
Mazkur masala bundan avvalgi sessiya kun tartibiga kiritilgan, ammo ayrim sektor rahbarlari yo‘qligi sababli keyingi sessiyaga qoldirilgan edi.
Hisobot materiallari deputatlarga tarqatilgani sababli sektor rahbarlari oldiga aniq savollar qo‘yildi – sektor imkoniyatlaridan foydalanib hududda qancha yo‘l obod qilindi, elektr energiyasi, ichimlik suvi ta’minoti bo‘yicha qancha aholining muammosi hal etildi, oilalarni kambag‘allikdan chiqarish va ularning doimiy daromad manbaiga ega bo‘lishi uchun qanday chora-tadbirlar ko‘rilmoqda, “daftar”larda ro‘yxatga olingan aholi bilan ishlashda qanday tajriba mavjud?
Afsuski, Narpay tumani sektor rahbarlarining hammasi ham bu savollarga javob bera olmadi. Deputatlarni qiziqtirgan ko‘p masalalar ochiq qoldi.
– Biz sessiyaga tayyorgarlik jarayonida tuman mas’ullaridan sektorlar kesimida aniq hisobot bilan kelish, biz, deputatlar oldiga masala qo‘yishlari zarurligini va muammolarga yechimi yuzasidan birgalikda fikrlashib olishimizni aytgan edik, – dedi deputat F.Toshev. – Ammo biz sektor rahbarlari gapidan o‘sha tavsiyalarimizga amal qilinganini ko‘rmadik. Bu shunchaki kelib, ikki varaq qog‘ozni o‘qib ketadigan majlis emas, Kengash oldidagi, demakki, xalq oldidagi hisobdorlik.
Deputatlar Narpay tuman sektorlari hisobotini qayta eshitishga, sektorlar faoliyatini tuman Kengashi deputatlari va mutasaddi idoralar vakillari bilan birga har bir mahalla kesimida o‘rganib, o‘rganish natijalari asosida qo‘shma sessiya o‘tkazishga qaror qildilar.
Viloyat hokimligi ijro-nazorati guruhi rahbari Z.Rahimovning O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 10 fevraldagi “Qonunchilik hujjatlari ijrosini samarali tashkil etishda davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari raharlarining shaxsiy javobgarligini kuchaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi yuzasidan axboroti ham sessiya muhokamasiga qayta qo‘yildi. Chunki, avvalgi sessiyada topshiriqlar ijrosini qayta nazorat qilish va belgilangan vazifalarni keyingi sessiyagacha bajarmagan mas’ullarga chora ko‘rilishi ma’lum qilingandi.
Ushbu tanqidiy muhokamadan so‘ng viloyat hokimligi, boshqarma, hududiy hokimliklar tomonidan tegishli choralar ko‘rilib, 15 ta topshiriq ijrosi ta’minlandi. Ogohlantirishlarga qaramasdan 3 ta topshiriq ijrosini o‘z vaqtida ta’minlamagan viloyat sport boshqarmasi boshlig‘i, Qo‘shrabot va Kattaqo‘rg‘on tumanlari hokimlari hamda “Vatanparvar” tashkiloti viloyat kengashi rahbariga nisbatan intizomiy chora ko‘rish belgilandi.
Viloyatda davlat byudjeti va mahalliy byudjet daromadlari prognoz ko‘rsatkichlarining ijrosi to‘g‘risida hisobot bergan viloyat moliya bosh boshqarmasi boshlig‘i B.Mirzayevning qayd etishicha, joriy yilning birinchi choragida umumiy daromadlar prognoz rejasi 822,9 milliard so‘mga belgilangan bo‘lib, haqiqatda 931,6 milliard so‘mga bajarilgan. Mahalliy byudjet bo‘yicha daromadlar prognozi rejasi ham 703,6 milliard so‘m belgilanib, amalda 790,7 milliard so‘mga ijro etilgan.
Belgilangan prognoz ko‘rsatkichlari ortig‘i bilan bajarilgan bo‘lsa-da mavjud imkoniyat va resurslarni hisobga olgan holda soliq tushumlarini tartibga olish zarurligi ta’kidlandi. Jumladan, Samarqand shahri, Urgut tumani, Juma va Chelak shaharchalaridagi savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, savdo markazlarida noqonuniy faoliyat ko‘rsatish, soliqdan qochish holatlari borligi qayd etildi. Viloyat davlat soliq boshqarmasi boshlig‘iga mazkur to‘rt hudud bo‘yicha bir oy muddatda tegishli choralar ko‘rib, bu haqda Kengashga hisobot berish vazifasi topshirildi.
Sessiyada haq to‘lanadigan jamoat ishlarini tashkil etish bo‘yicha birinchi chorak yakuni bilan belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan hisobot bergan viloyat bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘i N.Sulaymonovga ushbu yo‘nalishda ochish va shaffof tizimni yo‘lga qo‘yish, ajratilayotgan mablag‘lardan to‘g‘ri foydalanilayotganini deputatlar bilan birgalikda o‘rganish yuzasidan tavsiyalar berildi.
Kun tartibidagi viloyatda qurilish sohasida yangi ish o‘rinlari yaratish va aholi bandligini ta’minlash borasida olib borilayotgan ishlar bo‘yicha viloyat qurilish bosh boshqarmasi boshlig‘i L.Hamidovning hisoboti keyingi sessiyalarda eshitiladigan bo‘ldi. Shu bilan birga qurilish boshqarmasi boshlig‘iga viloyatdagi noqonuniy qurilishlarning oldini olish, Samarqand shahrida avtomobillar to‘xtash joylari tashkil etish uchun tavsiyalar bildirilib, bu borada amalga oshiriladigan ishlar haqida Kengashga hisobot berish vazifasi yuklatildi.
Umuman, bu galgi sessiyada ham avvalgilardan farqli o‘laroq, mutasaddilarning axborot va hisobotlari shunchaki eshitilmadi, har bir masalaga tanqidiy yondashildi. Deputatlar ham nima uchun qo‘l ko‘tarayotgani, qanday qarorni tasdiqlayotganini anglagan holda sessiyada faol ishtirok etdi. Aslida ham Kengashga, xalq vakillariga ana shunday huquq va vakolatlar berilgan.