Klasterlar qishloq xo‘jaligi rivojida qachon lokomotivga aylanadi?

Avval xabar berganimizdek, Samarqand viloyati Matbuot uyida “2019 yil qishloq xo‘jaligi mavsumi yakunlari, viloyat aholisini arzon qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan ta’minlash hamda klaster tizimining afzalliklari» mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Viloyat hokimligi axborot xizmati, viloyat axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi hamda O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi viloyat bo‘limi tomonidan tasdiqlangan reja asosida tashkil etilgan tadbirda Samarqand viloyati hokimining o‘rinbosari Abdumajid Nurqulov dastlab 2019 yilda viloyatda paxta, g‘alla, meva-sabzavot, uzum va chorva mahsulotlari yetishtirish, ularni qayta ishlash, ichki va tashqi bozorga chiqarish hamda intensiv bog‘lar yaratish borasida amalga oshirilgan ishlar, sohada 2020 yilda bajarilishi lozim bo‘lgan vazifa va istiqbolli loyihalar xususida ma’lumot berdi.

- Bugun ko‘rilayotgan mavzu iqtisodiyotimiz va xalq farovonligini belgilovchi asosiy omillardan biri hisoblanadi, - dedi A.Nurqulov. – Negaki, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini mo‘l, sifatli, ichki hamda tashqi bozor talablariga mos ravishda yetishtirish oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu jihatdan, joriy yilda viloyatimizda bu borada amalga oshirilgan sa’y-harakatlar tufayli umumiy ishlab chiqarilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari talabga nisbatan ancha ko‘p bo‘ldi. Masalan, g‘alladan olingan yalpi hosil 664,8 ming tonnani tashkil etdi yoki fermer xo‘jaliklari tomonidan davlatga shartnomadagi 318,4 ming tonna o‘rniga 364,3 ming tonna g‘alla sotildi. Garchi paxta yetishtirish og‘ir kechgan bo‘lsa-da, g‘alvir suvdan ko‘tarilgan bugungi kunda tarmoqdan 103 milliard so‘m daromad olindi. Meva-sabzavot, poliz, chorva va parranda mahsulotlari, uzum, kartoshka yetishtirish natijalari ham salmoqli.

Biroq bu natijalar bilan kifoyalanib qolinayotgani yo‘q. 2019 yil davomida qishloq xo‘jaligining 9 ta yo‘nalishi bo‘yicha qiymati 2,4 trillion so‘m bo‘lgan 731 ta loyiha amalga oshirildi. Natijada 2,9 ming gektar maydonda intensiv bog‘, 233 gektar maydonda baliqchilik havzalari, 3,5 ming quti asalari oilasi, 252 gektar yerda zamonaviy issiqxona, 178 ming tonna meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash quvvatiga ega korxonalar ishga tushirildi. Bu esa kelgusida oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirishni va qayta ishlash darajasining sezilarli ravishda oshishini ta’minlaydi.

Shuningdek, matbuot anjumanida klasterlar viloyatimiz qishloq xo‘jaligi rivojida lokomotivga aylanishi, tizimning afzalliklari, uning paxtachilik, g‘allachilik va meva-sabzavot yetishtirishda keng qo‘llanilayotgani, dastlabki samaralari haqida batafsil ma’lumot berildi.

Anjuman davomida jurnalistlarning mavzu bilan bog‘liq savollariga batafsil javoblar qaytarildi.

Akram BO‘RIYeV.