Kobulda yuzlab ayollar alohida ta’lim olishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha namoyishga chiqdi

Mamlakatda ayollarga nisbatan siyosati xalqaro hamjamiyatni xavotirga solayotgan Tolibonni qo‘llab-quvvatlashni bildirgan 300 ga yaqin afg‘on ayollari Kobul universiteti amfiteatrida to‘plandi. 

U yerda bo‘lganlarning aksariyati 1996 yildan 2001 yilgacha Afg‘onistonda ilk Tolibon hukmronligi davridagidek, ko‘zidan boshqa, butun tanasi yopilgan libosda edi. O‘sha paytda mamlakatda shariat qonunlari hukmron bo‘lib, ayollarga o‘qish yoki ishlash taqiqlangan edi.

Qo‘lida Afg‘onistonning yangi bayrog‘ini ko‘tarib olgan namoyishchilar yangi hukumat qo‘llayotgan choralar haqida gapirgan ma’ruzachilarni tinglashdi. Nutqlar tugagach, namoyishchilar "Afg‘onistonni tark etgan ayollar bizni vakil bo‘la olmaydi" yoki «Biz Tolibon munosabati va xatti-harakatlaridan mamnunmiz" yozuvli plakatlar bilan yurish boshladi.

20 yildan so‘ng hukumatga qaytgan Tolibon o‘z yondashuvini o‘zgartirishga va’da berdi. Ayollar huquqlari hurmat qilinishini, kiyinish qoidalariga rioya qilgan va jins bo‘yicha ajratilgan holda hatto universitetda o‘qishi mumkinligi ma’lum qilindi.

Universitet minbarida ma’ruzachilar so‘nggi kunlarda o‘z huquqlarini himoya qilish uchun ko‘chalarga chiqqan afg‘on ayollarini tanqid qildi. Ular Adliya vazirligi tomonidan ruxsat etilmagan namoyishlar taqiqlanishini muhim choralar deb hisoblab, o‘z harakatiga oldindan ruxsat berilganini bildirdilar.