Ko‘chada qolayotgan talabalar
Tahririyat joylashgan mahalla o‘qish boshlanishi bilan gavjum go‘shaga aylanadi. Ertalab o‘qishga shoshayotgan va tushdan so‘ng qaytayotgan talabalarga duch kelib qolaverasiz. Gap shundaki, mazkur hudud bir nechta oliy ta’lim muassasalariga yaqin bo‘lgani uchun ijara uylar ko‘p. Yo‘lkiraga pul sarflamaslik, darsga o‘z vaqtida yetib borish uchun shu atrofdan ijaraga uy izlovchilar juda ko‘p.
Ayniqsa, keyingi yillarda ijara uy so‘rovchilar soni yanayam ortdi.
Kecha kechki yettilarda ishdan chiqib, bekatga qarab yo‘l olgandim, uch yigit «Ijaraga qo‘yadigan tanishlaringiz yo‘qmi, mabodo, opa?», deya savolga tutib qolishdi. Navoiydan kelishgan ekan.
- Ijara uylar shu atrofda ko‘p-ku, surishtirmadingizmi?
- To‘g‘ri, bor, lekin bu yerda uch metrga to‘rt hajmli bitta xonaga olti kishigacha joylashtirishyapti. Sanitariya holati ham yaxshimas. Yana shu ahvoldagi uylarga har bir boladan oyiga 250 ming so‘m so‘rashyapti. Bunaqa xonada dars tayyorlash tugul ortiqcha harakat ham qilib bo‘lmaydi, deya kuyunib gapirib berdi Shohjahon ismli yigit.
Savol – javob orasida ularning grant asosida tibbiyot institutiga talabalikka qabul qilingani, ikkalasining ham kam ta’minlangan oila farzandi ekanligi ma’lum bo‘ldi. Birovi otasiz o‘sgan, yana birining esa oilasi qiyinchilik bilan kun kechirar ekan.
- Onangiz «Ayollar daftari» ro‘yxatida bo‘lsa, qolaversa, boshqa viloyatdan kelgan, talabalar birinchi bosqich yotoqxonada yashashlari mumkinku?
- Bilmadik, bizga bu haqda hech kim ma’lumot bermadi, - deya yelka qisadi yigitlar.
To‘g‘risi, yaqindagina o‘g‘lim yurtimizdagi oliygohlarda amalga oshirilayotgan 2+2 dasturi bo‘yicha Belorusda o‘qishga ketgani uchun, endigina oila bag‘ridan chiqib, boshqa viloyatga yo‘l olgan yigitlarning qiyin vaziyatga tushib qolganini ko‘rganimda ko‘nglim allanechuk bo‘ldi.
Kutib olishdan joylashgancha…
Men ham barcha onalar qatori o‘g‘limni boshqa davlatga ming xavotir bilan kuzatdim. Axir birinchi marta chetga chiqayotgan bo‘lsa, o‘qish joyini qanday topib boradi, qanday sharoitda yashaydi, degan savollar xavotir qarshisida qoldim. Samolyotdan tushgach, darhol yetib borgani to‘g‘risida xabar, biroz muddat o‘tib esa joylashgani haqida videoxabar jo‘natdi.
O‘g‘limning aytishicha, ularni o‘zlari tahsil olishi kerak bo‘lgan institutdan volontyor yigitlar kutib olgach, avtobusda institut yotoqxonasigacha olib borib, joylashtirgach, ushbu davlatda ular bilishi lozim bo‘lgan eng zarur qoidalarni tushuntirib o‘tgan. Shu tariqa ortiqcha savolga o‘rin qoldirmay, o‘zbekistonlik yigitlar joylashib, xotirjamlik bilan 1 sentyabr kuni darslarga qatnay boshlashdi.
Mavzuga mos bo‘lgani uchun yotoqxonadagi ba’zi shart-sharoitlarga ham to‘xtalib o‘tsam. Ikki, uch kishilik xonalarda zamonaviy karavot, dars tayyorlash uchun stol-stul, kiyim va kitob javoni bor. Har besh kishilik bo‘lmalarda issiq sovuq suv bilan ta’minlangan hojatxona, dushxona mavjud. Ko‘rpa, ko‘rpachalik jildlar, deraza pardalari ham bor. O‘n qavatli yotoqxonaning har bir qavatida oshxona, qolaversa, umumiy fitnes zali ham talabalar ixtiyorida ekan. Ushbu sharoitlar uchun har bir talaba oyiga 45 AQSh dollari miqdorida mablag‘ to‘lashi lozim. Xonasiga muzlatkich olib kirish uchun oyiga 5 AQSh dollari, kir yuvish mashinalaridan foydalanish ham oyiga taxminan shunchadan tushadi. Yotoqxona shahar markazida, o‘qish joyiga yaqin. Yonginasida talabalar uchun arzonlashtirilgan oshxona faoliyat ko‘rsatadi.
Bilishimizcha, mazkur yotoqxona mahalliy munitsipalitetga tegishli bo‘lib, talabalar uchun imtiyozli yashash joyi sifatida ko‘riladi.
Shundan so‘ng internet orqali boshqa hududlardagi yotoqxonalar haqida ma’lumot izladim. MDH davlatlarining ba’zilarida allaqachon arzon, ijtimoiy yotoqxonalar qurilishi ommalashtirilgan va talabalar ham, uy-joyga muhtoj aholi ham bu imkoniyatdan keng foydalanadi. Ulardagi shart-sharoitlar yuqorida misol keltirganim Belorusdagi singari.
Kvotalar oshgan, yotoqxonalar esa yo‘q
Hali 2020 yildayoq talabalar yotoqxonasi muammosi hukumat darajasigacha ko‘tarilib, mamlakatimiz rahbari tomonidan bu borada tegishli topshiriqlar berilgandi. Xususan, mamlakatda 170 ta yotoqxona qurilishi kerakligi haqida bong urilgandi.
Oliy ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov bundan bir necha oy avvalgi chiqishlaridan birida yotoqxonalardagi muammolar haqida gapira turib, quyidagi fikrlarni bildirgan:
«Oliy ta’lim muassasalariga qabul kvotalari 2-3 barobarga ko‘paygani holda yotoqxonadagi joylar soni bor-yo‘g‘i 25 foizga ortgan. Byudjet mablag‘laridan talabalar yotoqxonalari qurish uchun subsidiya ajratiladi hamda 2022-2025 yillarda qator vazirliklar bilan kelishilgan dastur asosida yotoqxonalar quriladi. Shuningdek, oliy ta’lim institutlarga yaqin hududlardagi, to‘liq faoliyat olib bormaydigan kollejlarning yotoqxonalarini ham institut tasarrufiga o‘tkazish rejalashtirilgan.
Alohida ta’kidlash kerakki, 400 o‘rinli bitta talabalar yotoqxonasini saqlash uchun 600 million so‘m mablag‘ sarflangani holda, talabalardan tushadigan mablag‘ 290 million so‘mni tashkil qiladi. Tadbirkorlarni yotoqxonalar qurishga jalb qilishning murakkabliklari ko‘p. Buning uchun ushbu biznes turiga qo‘shimga imtiyozlar berilishi lozim.
Mamlakatimizdagi 132 ta oliy ta’lim muassasalarining faqat 34 tasigina o‘zini o‘zi moliyaviy qoplagan holda faoliyat ko‘rsatadi. Qolganlari byudjetdan pul olib, zarariga ishlaydi. Masalan, san’at sohasida ta’lim olayotgan bitta talabaga ushbu ta’lim muassasasi 23 million so‘m sarflagani holda, shartnoma asosida o‘qiydigan talaba 5,7 million so‘m to‘laydi.
440 o‘rinli bitta yotoqxona qurish uchun esa 22,5 milliard so‘m mablag‘ talab etiladi. Hozirda ikki yarusli yotoqxonalar qurilishi loyihasi ishlab chiqilib, u nisbatan arzonroq, 16 milliard so‘m mablag‘ni talab etadi».
Samarqand veterinariya meditsinasi instituti yotoqxonasi nega hanuzgacha tayyor emas?
Bugungi kunda Samarqand davlat universitetida davlat - xususiy sheriklik asosida yotoqxonada qurilib, yaqin kunlarda foydalanishga topshirilishi rejalashtirilmoqda. Narxi oddiy yotoqxonanikidan birmuncha baland bo‘lishi kutilayotgan mazkur yotoqxona barcha zamonaviy shart-sharoit yaratiladi. Ta’kidlash kerak, Samarqand davlat universitetida 7 ta yotoqxona mavjud. Ammo hamon ehtiyoj katta.
Test natijalari bu yil kech e’lon qilinganligi tufayli talabalarni yotoqxonalarga joylashtirish masalasi ham birmuncha orqaga surilmoqda. Sababi, avvalo birinchi bosqich talabalarni yotoqxonaga joylashtirish muhim. Shuningdek, imkoniyati cheklangan talabalar, kam ta’minlangan oilalar farzandlari, boshqa viloyatdan kelgan yoshlarning yotoqxonaga joylashish uchun ko‘proq haqqi bor.
Ammo qizig‘i, Samarqand veterinariya meditsinasi institutining yotoqxonasi hanuzgacha ta’mirdan chiqmagan, oktyabr oyida ish boshlarkan. Yotoqxona masalasi yildan-yilga dolzarb bo‘lib turgan paytida ushbu institutdagi bunday holatni qanday baholash mumkin?
Samarqand iqtisodiyot va servis institutining talabalar turar joyi kapital rekonstrutsiyadan so‘ng 250 o‘rindan 375 o‘ringa kengaytirilgan.
Yagona yechim…
Umuman, barcha oliy ta’lim muassasalari ayni kunlarda yotoqxonaga kuchli ehtiyoj sezmoqda. Masalaga yechim sifatida hozircha Prezidentimizning “Respublika oliy ta’lim muassasalarida talabalarni turar joy bilan qamrab olish darajasini oshirish choralari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi qaralmoqda.
Unga ko‘ra, davlat oliy ta’lim muassasalarida talabalar turar joylarini qurish, rekonstruksiya qilish, jihozlash va ulardan foydalanishni tashkil etishning davlat-xususiy sheriklik asosidagi tizimi joriy etiladi.
2021 – 2025 yillarda oliy ta’lim muassasalarida talabalarni turar joy bilan qamrab olish darajasini oshirish dasturiga ko‘ra, 2021 – 2025 yillarda tarmoqlar va hududlarni rivojlantirishning tasdiqlangan konsepsiyalari va dasturlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hamda Vazirlar Mahkamasining qarorlari asosida davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan quriladigan talabalar turar joylari ro‘yxati tuzilishi, 2021 – 2025 yillarda davlat-xususiy sheriklik asosida talabalarni turar joy bilan qamrab olish darajasini oshirish bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichlar; davlat-xususiy sheriklik asosida talabalar turar joylarini qurish, rekonstruksiya qilish, jihozlash va ulardan foydalanishni tashkil etish loyihalarini maxsus hisobvaraqdan kredit bilan ta’minlash hamda davlat sherigi mablag‘lari hisobidan qisman moliyalashtirish tartibi to‘g‘risida nizom tasdiqlanadi.
Joy topolmaganlar ko‘chada tunaydimi?
Jarayon endi boshlandi, hozircha bu haqda birorta institut mutasaddisi aniq fikr bildirishni istamayapti. Ammo har bir oliy ta’lim muassasasi hech bo‘lmasa boshqa viloyatdan kelgan talabalar bilan alohida uchrashuv tashkil qilib, ularga mavjud vaziyatni, shart-sharoitni tushuntirishi kerak emasmi?
Navoiylik yigitlar kabi bugun Samarqandda qanchadan-qancha yigit-qizlar boshpana izlab sarson yurganini ko‘pchilik biladi. Yaxshi bilasiz, Samarqandda imtiyozlar asosida o‘tgan yillar davomida yuzlab oilaviy mehmon uylari ochilgandi. Xorijlik sayyohlarning pandemiya munosabati kelishi keskin pasaygani tufayli bugun ushbu mehmon uylari bo‘shab yotibdi. Ehtimol oliy ta’lim muassasalari ular bilan vaqtincha bo‘lsa-da, shartnoma imzolashi ham mumkindir.
Ehtimol, vaqti kelib bizda ham ijtimoiy yotoqxonalar qurilishiga alohida e’tibor qaratilar. Nafaqat talabalar, balki kam ta’minlangan oilalar uchun ham juda muhim sanalgan bunday turar joylar haqida aniq loyihalar MDH mamlakatlarida allaqachon natijasini berayotir.
Maqolani tugatar ekanman, qorong‘u tushib qolganda qayerga borishni bilmay sarson yurgan yigit-qizlar xayolimdan ketmadi… Ularning qanchasi qayerda tunab qolgan bo‘lishi mumkin?
Gulruh MO‘MINOVA.