Ko‘katxo‘rlar oshxonasi

(hajviya)

Soqivoy xorijda ishlab yurar ekan, u yerlardagi qulayliklarni, xizmat ko‘rsatish madaniyatini ko‘rib hayratda qoldi. Ayniqsa, kafe-yu oshxonalarga biram havasi keldiki... Tezroq mo‘mayroq pul ishlab, o‘z yurtiga qaytib, albatta, ana shunaqa oshxona yoki kafe, iloji bo‘lsa, restoran ochishga ahd qildi.

Mana, uning shirin orzulari ushalib, tuman markazida kichik bo‘lsa ham, shinamgina oshxona ochdi. Mahallaning mulla-yu oqsoqollarini chorlab osh tortdi, ularning quyuq duolarini oldi.

Ana shundan keyin hammasi boshlandi.

Dastlab soliq idorasidan odam kelib, zudlik bilan kassa apparati o‘rnatishni buyurib ketdi. Keyin sanepidstansiya, so‘ngra o‘t o‘chiruvchilar idorasidan kelishdi. Iste’molchilar huquqini himoya qilish uyushmasi va boshqa hali Soqivoy nomini bilmaydigan joylardan ham kelib “mehmon” bo‘lib ketishdi.

Kunlardan bir kuni suvga cho‘kayotganlarni qutqaruvchilar jamiyatining tekshiruvchisi paydo bo‘ldi.

– Xo‘sh, oshxonangizda suvga cho‘kayotganlarni qutqazish uchun qanaqa choralar ko‘rilgan? - degan savolni ko‘ndalang qilib qo‘ydi.

Soqivoy avval bu almoyi-aljoyi savolning tagiga yetmagan bo‘lsa-da, o‘z fikri bilan tekshiruvchining nima demoqchi ekanini tushundi.

– Biz daryo yoki anhorning yonida bo‘lmasak, buning hojati bormikin? - deb savol berishdan o‘zini tiyolmadi.

– E, kechirib qo‘yasiz, yong‘inga qarshi suv o‘rangiz bormi, aka?!

– Ha, bor.

– Hovuzingizga odam cho‘kib o‘lmaydi, deb kafolat berolasizmi?!

– ...

– Ana, ko‘rdingizmi, akajon! Hozir protokol yozib, oshxonangizda xavfsizlik masalasi chatoq ekanligini qayd etib qo‘yamiz va eshigingizni muhrlab ketamiz!

Xullas, Soqivoy: “O‘ynashmagin arbob bilan, arbob urar har bob bilan”, degan maqolning mag‘zini chaqib, ularni rozi qilib, chakagini o‘chirib, daf qildi.

Endigina yengil nafas olib, ishga unnamoqchi bo‘lib turgan edi, yana mehmonlar kelib qolishdi.

– Assalomu alaykum, marhamat, marhamat, xush kelibsizlar! Xo‘sh, xizmat?!

– Eshitishimizcha, oshxonangizdagi taomlar go‘shtli ekanmi?

– Ha-da, albatta go‘shtli. To‘g‘ri, keyingi paytlarda “mehmon”lar ko‘payib, cho‘g‘i sal kamayib qolgani rost, ammo birorta ham ovqatimiz go‘shtsiz emas, tekshirib ko‘rishingiz mumkin.

– Go‘sht inson uchun zararli ekanligini bilasizmi?

– Iye, shunaqa ekanmi, bilmas ekanmiz-da.

– Go‘shtning turgan bitgani zahar! Ana shuning uchun ham bizning vegetarianlar jamiyatimiz o‘txo‘rlikni targ‘ib qilib, etxo‘rlikka qarshi kurashadi. Siz ham bizning safimizga a’zo bo‘lishingiz kerak.

– Unga a’zo bo‘lib nima ish qilaman? - hayron qolib so‘radi Soqivoy.

– Avvalo, o‘zingiz go‘sht yemaysiz, innankeyin go‘shtli ovqatlar ham pishirmaysiz.

– Unda taomlarni nima bilan pishiramiz?

– Sabzi, sholg‘om, kartoshka, baqlajon, qovoq, no‘xat, loviya va har xil ko‘katlar ishlataverasiz.

– Iye, bu judayam bizbop jamiyat ekan-ku. Bo‘pti unga oilamiz bilan  hammamiz a’zo bo‘lib yozilamiz, - dedi Soqivoy og‘zi qulog‘iga yetib.

Ana shu kundan boshlab Soqivoyning oshxonasida sholg‘om sho‘rva, kartoshka palov, pomidor kabob, qovoq somsa, qatiqli osh, shirguruch singari arzon-garov taomlar pishiriladigan bo‘ldi. Muhimi, hech kim: “Nega oshingni go‘shti kam?”, deb yoqangdan olib, asabingni egovlamaydi. Buning ustiga, oshxonaga chaqirilmagan “mehmon”larning ham oyog‘i sal tiyildi. Shunisi qiziqki, xo‘randalarning soni kamayish o‘rniga, kundan kunga ko‘payib bormoqda. Agar vaqtingiz bo‘lsa, siz ham bir kirib o‘ting, marhamat!

Xudoyberdi KOMILOV.