Koko - dunyodagi eng aqlli gapira oluvchi gorilla
Mashhur gorilla 2018 yilning iyun oyida Kaliforniyada 46 yoshida vafot etdi. U ko‘pchilik ta’kidlaganidek, kar-soqovlarning amerika tilidagi mingdan ortiq belgilarini bilardi. Koko bu tilni qanday o‘zlashtirgan edi?
Bu maymun har doim odamlar va sensatsiyalar ichida bo‘ldi. Unga gapirishni o‘rgatgan olimlar uni yaxshi ko‘rib himoya qilishar, boshqalar esa sirk hiylasi, ulkan aldov deb uni yoqtirmasdilar.
Gorillalar jangovar samaradorlik bo‘yicha tabiat tomonidan yaratilgan hatto ayiq bilan raqobatlasha oladigan hayvon bo‘lishiga qaramay, Koko juda qiziquvchan va mehribon edi. Bu gorilla tish va panjalarini qurol sifatida emas, balki bu dunyoni tushunish vositasi sifatida ong bilan ishlata olgan.
Koko 1971 yilda San-Fransisko hayvonot bog‘ida tug‘ildi va go‘dakligida dadillik bilan qilingan eksperiment ishtirokchisiga aylandi. Stenford universiteti xodimi Penni Paterson maymunga gapirishni o‘rgatishdek imkonsiz vazifani bajarishga kirishdi. U har kuni Koko bilan shug‘ullanib, unga kar-soqovlar tilini o‘rgata boshladi. Olimlar yaxshi natija kutgandi, biroq Koko dastlab ularni, keyin esa butun dunyoni hayratda qoldirib, nafaqat 2000 ga yaqin imo-ishorani o‘rgandi, hatto bu tilda ravon gapira boshladi.
Tukli talaba hayvonlarning ongi odamlar tomonidan yetarlicha baho berilmaganligini isbotladi. Natijada, gorillaning IQ darajasi 95 ga tenglasha boshladi. Bu juda ko‘p, chunki oddiy odamning IQ natijasi 90-110 raqamlari orasida, daholarniki esa 140 dan boshlanadi. Ya’ni, rivojlanish nuqtai nazaridan, Koko ko‘plab tik yuruvchilardan ko‘ra aqlli bo‘lib chiqdi.
Kokoning 46 yillik hayoti davomida tajriba sir-asrorini ochib tashlashga harakat qilgan juda ko‘p shubha bilan qarovchi kishilar ham topildi. Ular Kokoni odamlarga taqlid qilib yurgan "ahmoq gorilla", butun tajribani esa tadqiqot uchun ko‘proq pul olish maqsadida uyushtirilgan oddiy sirkdan boshqa narsa emas, deb atashardi.
Lekin Koko har safar osonlik bilan buning teskarisini isbotladi. Suhbatlarda u bo‘lgan voqealarni osongina eslar, kelajak haqida o‘ylardi. Uning tilidagi metaforik uslub ham hayratlanarli edi – bir kuni u bodringning nomini eslolmay, - "menga mana bu yashil bananni ber" deb aytdi. Aql o‘tkirligining eng yuqori ko‘rinishi hazil bo‘lib, tirishqoq talaba hazillashib ham turardi. Bir kuni u yonidan uchib o‘tayotgan kaptarni ko‘rib, o‘zini “men ham yaxshi qush, gorillalar ham ucha oladi” deb aytdi, keyin esa shunchaki hazillashganini tan oldi. Yordamchining havzada katta linzani yuvayotganini ko‘rib, u “ko‘z suv ichayapti” dedi.
Koko yana... selfi qilishni bilardi. 1978 yilda u ko‘zgudagi aksini suratga tushirdi. U suratni shu qadar yaxshi olgan ediki, rasm “National Geographic” jurnali muqovasini bezadi.
O‘limidan biroz oldin Koko Yer aholisiga videomurojaat bilan chiqdi:
“Men gorillaman. Men o‘simliklar, hayvonlar nomidan... Tabiat nomidan gapiraman.
Koko odamlarni sevadi. Koko Yerni yaxshi ko‘radi ...
Lekin odamlar nodon... Kechirasiz...
Koko yig‘layapti... Vaqt tugayapti...
Yerni tartibga keltiring. Unga juda kech bo‘lmasdan yordam bering.
Tabiat sizni kuzatmoqda...
Rahmat..."
Senga ham rahmat Koko. O‘ylashni o‘rganib, odamlarga tabiatni himoya qilish kerakligi haqida gapirding.
Balki, hali ham kech emasdir...
B.Muhammadiyeva tayyorladi.