“Kolodetsfobiya” haqida eshitganmisiz?

Aslida bu mavzuga yana qaytishni istamagan edim, ammo mendagi qo‘rquv yana bu mavzuda so‘zlashga majbur qilayapti...

Bundan uch-to‘rt yil ilgari bo‘lgandi bu voqea. Kuz oylari edi. Ijarada turaman. Iqtisodiy yetishmovchilik... Xullas o‘sha kuni ijaradagi uyimning egasi qo‘ng‘iroq qilib, ijara narxini oshirishini aytdi. Menda ikkita yo‘l: yo boshqa uyga ko‘chib o‘tish, yo uy egasi aytgan pulni berib turish. Kechki vaqt edi. Kayfiyatim buzildi. Bunday vaqtlarda uyda o‘tirgandan ko‘ra ko‘chada yurishni afzal bilardim. Negaki, buzuq kayfiyat oilamdagilarga salbiy ta’sir qiladi. Ko‘chaga chiqib ketdim. Hammamizga ma’lumki, barcha ko‘chalarimizga ham tungi chiroqlar o‘rnatilmagan. O‘shanday zim-zimiston ko‘chalardan bittasida ketayapman. (Aniq manzilni aytay: Samarqand shahri, 29-daha. Birinchi va ikkinchi ko‘chani tutashtiruvchi, 54-maktab oldidagi ko‘cha. Viloyat hokimi Erkinjon Turdimovga rahmat. U kishining tashabbuslari bilan hozir u ko‘chalar asfalt bo‘lgan. Avvalgi muammo yo‘q). Asabiylashganimdan “kolodets”ning borligini unutibman... Inson ongi xavfga nisbatan javob berishda juda tez ekanini o‘shanda his qildim... Hushimni o‘nglab, nima sodir bo‘lganini anglab yetgunimcha soniyalar o‘tdi. Ikki qo‘lim quduqqa tiralgan holda osilib turardim. Ko‘zoynagim, uyning kaliti (uyni tashqaridan qulflab chiqqan edim) qayergadir otilib ketgan edi. Quduqdan chiqishga urinayotganimda ikkita yigit kelib qoldi. Ularning yordami bilan chiqib oldim. Keyin yigitlardan kalit va ko‘zoynagimni qidirish uchun telefoni chirog‘ini tutib turishini iltimos qildim. Quduq ichiga chiroq tutganida bir yelim xalta ustida kalit turardi. Ko‘zoynagimni topolmadim. Quduq tubidagi suvga cho‘kkandir balki. “Aka, xudo asrabdi sizni. Anavi temirning turishini qarang...” dedi yigitlardan biri quduqdagi suv quvurining yopib-ochuvchi chambaragiga ishora qilib. Champarak o‘rtasidagi to‘qson gradusda turgan qismini ko‘rib xayolimdan ming bitta o‘y o‘tdi. Yuragim orqaga tortib ketdi. Uning ustiga tushgan odam nogiron bo‘lib qolishi hech gap emasdi...

Shu-shu qopqog‘i yo‘q quduqlarni ko‘rsam o‘sha voqea esimga tushaveradi. “Men qo‘llarim bilan tutib qolib, omon qoldim, lekin bolalar tuyqus shunday tushib ketsa nima bo‘ladi?” degan savol xayolimga kelib, tasavvurimda kimdir tushib ketayotgandek tuyilaveradi. Feysbuk tarmog‘ida tarqalgan videolardagi “Damas”, “Lasetti” avtomobillarining ag‘darilishi, shikastlanishi ham qo‘rquvga qo‘rquv qo‘shadi. Axir, mol achchig‘i–jon achchig‘i. Bu og‘riqni ham boshidan o‘tkazganlargina biladi...

So‘zimning boshida “bu mavzuga qaytishni istamagan edim” dedim. Chunki bir-ikki maqolamda “qopqoqsiz quduqlar” haqida yozgandim. Biroq  yozganlarim mas’ul xodimlarga pashsha chaqqanchalik ta’sir qilmapti. Yo‘qsa, loaqal eng ko‘p o‘tib qaytadigan ko‘chamiz Amir Temur ko‘chasidagi (Mir Said Baraka ko‘chasiga tutashgan joyda) quduqqa qopqoq qo‘yilib, avtotransportlarning xavfsiz qatnovi ta’minlangan bo‘lar edi.

“Kolodetsfobiya” degani ana shunaqa! Men biroz oshirib yuborgandirman. Agar juda qo‘rqinchli bo‘lganida allaqachon muammoga yechim izlanar edi-da. Izlanmayaptimi, demak, hali vaqt bor. Menimcha, hali kimdir shunaqa quduqqa tushib ketib... voqea internetda “aylanishi” kerak. Hozircha avtomashinalarning tushib, egalari zarar ko‘rishayotgani hisobga olinmayapti...  Yanayam bilmadim.

Asliddin.