“Komillik gulshani” kishilarni komillikka yetaklaydi
Samarqand shahridagi “Kitob olami” ma’naviy-ma’rifiy majmuasida toyloqlik tajribali o‘qituvchi, faxriy ijodkor Mamadamin Rajabovning “Komillik gulshani” deb nomlangan kitobining taqdimoti tashkil etildi.
Tadbirni yozuvchi va shoir, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Samarqand viloyat bo‘limi raisi F.Toshev olib bordi.
Unda viloyat hokimining o‘rinbosari R.Qobilov, “Nuroniy” jamg‘armasi viloyat bo‘limi raisi H.Normurodov, viloyat «Mahalla» jamg‘armasi raisi B.Nasriyev, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Z.Eshonqulova, X.Nurullayev va adibning yaqinlari, shogirdlari so‘zga chiqib, ma’naviy, tarixiy, ilmiy-ommabop, publitsistik ruhda yozilgan ushbu kitob, uning aholi, ayniqsa, yoshlarning ma’naviy bilimini oshirish uchun foydali ekanini e’tirof etdi.
Darhaqiqat, risolada yoshlarga tarbiyaviy jihatdan namuna bo‘ladigan jihatlarga alohida urg‘u berilgan.
- Agar hayotga ibrat va namuna ko‘zi bilan qarasangiz, hamma narsadan o‘zingiz uchun kerakli bo‘lgan nimanidir olishingiz shubhasiz, - dedi H.Normurodov. – Shu jihatdan muallif ushbu kitobda voqealarni sodda, ravon va xalqona til va uslubda ifodalagan. Shuningdek, risolada tarixiy shaxslar, zamondoshlarimiz hayoti va faoliyatiga nazar solishga, ularning ibratli jihatlarini ko‘rsatishga intilgan. Kitobni o‘qigan o‘quvchi ularning hayotidan saboq, ibrat va namuna oladi. Risoladagi mukammal inson timsolini yaratishga oid to‘rt yuz ellikdan ortiq innovatsion ma’lumotlar va ezgulik g‘oyalari esa barchaga, ayniqsa o‘qituvchi-murabbiylarga juda asqotadi.
Husan ELTOYeV.