Ko‘mir bor, isitish tarmoqlari ishlab turibdi. Ammo nega bog‘chada xona harorati me’yordan past?

Kunlar sovishi bilan farzandlarini bog‘chaga yuboradigan ota-onalarni shu savollar qiynaydi: Muassasa issiqmi? Farzandim shamollab qolmasmikan?

Uyda o‘tiradigan ayrim onalarning sovuq kunlar farzandini ta’lim muassasalariga yubormaslik holati ham uchraydi. Xo‘sh, bunga sabab nima? Farzandingiz boradigan bog‘cha issiqlik tizimi bilan ta’minlanganmi?

Yaqinda Zarnews.uz telegram kanali orqali ushbu savollar asnosida ijtimoiy so‘rov o‘tkazgandik. “Ha, ta’minlangan” deguvchi ota-onalarimiz 32 foizni tashkil etdi. “Isitish tizimi ishlasa-da, xonalar sovuq”, degan javobga to‘xtalgan ishtirokchilar 43 foizni, “Bunday ta’minotdan bexabarman”, deganlar 25 foizni tashkil etdi.

To‘g‘ri, bugun zamonaviy bog‘chalarimiz soni ko‘paydi. Bolalarga har tomonlama qulay shart-sharoitlar yaratilmoqda. Ammo isitish tizimidagi muammolar onalarni qiynayotgani bildirilgan javoblarda ham sezilib turibdi.

Bugun zamonaviy qiyofa kasb etgan bir jihat e’tibordan chetda qolgandek, go‘yo. Chunki aksariyat bog‘chalarga borganimizda rekonstruksiya qilingan, bolalar uchun barcha qulayliklar yaratilgan muassasada negadir bolalar sovqotib o‘tiradi. E’tiborlisi, ta’mirlash ishlari ko‘lamiga muassasaning isitish tizimlarini ham sozlash ishlari kiritilgan. Ko‘mir omborxonalarda yetarlicha bor. Ammo xonalar harorati me’yordan past. Bog‘cha mudirasi bilan gaplashsangiz, “Ha, negadir binolarni isitishga qozonlarning quvvati yetmayapti”, degan javobni eshitamiz.

Jomboy tumani Dehqonobod mahallasida joylashgan 7-davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti mudirasining ham muammosi shu. Bog‘cha eski tipda qurilgan bo‘lib, yaqinda ta’mirlangan. Lokal isitish tizimiga ega. Xonalarga kirsangiz harorat me’yordan past ekanligiga guvoh bo‘lasiz. Ayrim xonalarda haroratni o‘lchaydigan termometr boru, ammo buziq. Tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi tomonidan muassasaga 4 tonna briket yetkazib berilgan. Yana 4 tonnaga shartnoma qilingan.

- Bog‘chamiz 280 o‘rinli bo‘lib, bugungi kunda pandemiya sabab 108 nafar bola muassasaga kelyapti, - deydi mudira Dilorom Do‘lanova. – Muassasamiz faoliyatini 9 noyabrdan boshladi. Karantin davrida, ancha vaqt ishlamaganligi bois isitish tizimidagi muammolarni bilmagandik. Mana, sovuq tushishi bilan muammolar yuzaga chiqdi. Ayniqsa, yuqori qavatdagi xonalar sovuq. Chunki tizimning binoni issiqlik bilan ta’minlashga quvvati yetmayapti.

Bu holat birgina Jomboydagi bog‘chada emas, afsuski, aksariyat bog‘chalarimizda ko‘zga tashlanmoqda. Ya’ni, eski tipdagi ko‘zni quvnatar darajada chiroyli qurilgan binolar zamonaviy isitish tizimi bilan ta’minlangan. Qozonxonani ko‘rsangiz, ko‘mir yonib turibdi. Ammo mashg‘ulotlar va yotoqxonadan boshqa barcha xonalar sovuq. Sababini so‘raganingizda ustalarning tizimni o‘rnatishda xatolikka yo‘l qo‘yganini, binolarning hajmini hisobga olmaganini aytishadi. Xo‘sh, aslida bularni kim nazorat qiladi?

Viloyat Matbuot uyida maktabgacha ta’lim boshqarmasi boshlig‘i Sh.Rahmonov tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida bog‘chalarning isitish tizimi bilan ta’minlangani, ammo xonalar issiq emasligi, qurilishdagi nuqsonlarni kim nazorat qilishi yuzasidan savol berdik.

Boshqarma boshlig‘ining ta’kidlashicha, yangi qurilayotgan va joriy ta’mirlanayotgan bog‘chalarni qabul qilish jarayonida mudiralarning hech bir e’tirozsiz ob’yektni qabul qilayotgani, agar mudira qurilish tashkilotidan talab qilib olsa, o‘z vaqtida bu muammolar bartaraf etilishi mumkinligini ta’kidladi. Shuningdek, barcha tuman maktabgacha ta’lim bo‘limlari qoshida ekspluatatsiya xizmati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ular bog‘chalarda xo‘jalik ishlari muammolarini bartaraf etishga yo‘naltirilgan.

Joylarda maktabgacha ta’lim tashkilotlari mutasaddilarining hisobotlariga qaraydigan bo‘linsa, go‘yo muammo yo‘qdek. Lokal isitish tizimiga bog‘chalarning aksariyati o‘tkazilgan, ko‘mir bilan ta’minlangan. Ammo bog‘chalarda ahvol o‘zgacha.

Nasiba JONTO‘RAYeVA.