Konteyner ko‘p qavatli uylar oldiga o‘rnatiladi. Lekin...

Saytimizning telegram botiga Samarqand shahar, Said mahallasidan quyidagi mazmunda xat keldi: “Assalomu alaykum, menga bir masalada yordam bersangiz: Chiqindi qutisi qayerlarda o‘rnatilishi kerak? Odamlar yashaydigan uylardan qancha masofada uzoq bo‘lishi zarur? Uyimning oldida chiqindi konteyneri o‘rnatilgan. Unga tashlangan chiqindilarning qo‘lansa hididan nafas ololmayapmiz".

Ushbu murojaatga Samarqand shahar “Maroqand obod” davlat unitar korxonasi quyidagicha javob berdi:

- Vazirlar Mahkamasining “Maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasidagi ishlar samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida sanitariya jihatidan tozalash infratuzilmasi ob’yektlarini yaratish va ulardan foydalanish hamda maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish, shuningdek, ularning amalga oshirilishini nazorat qilish tartibini belgilaydi hamda barcha yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan unga rioya etilishi majburiy hisoblangan qoidalar belgilangan.

Qattiq va suyuq maishiy chiqindilarni joylashtirish va saqlash mazkur qoidalar, sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari, ekologik talablarga muvofiq hamda chiqindilardan oqilona foydalanishni ta’minlovchi usullarda yoki ularni boshqa shaxslarga topshirish orqali amalga oshiriladi.

Xususan, jismoniy shaxslar ko‘p kvartirali uylarda qattiq maishiy chiqindilarni chiqindi to‘plash shoxobchalariga joylashtirishda konteynerlarga tashlaydi, yakka tartibdagi turar joy sektorida qattiq maishiy chiqindilarni maxsus avtotransport vositasi «signal» usulida, jadval bo‘yicha kelguniga qadar o‘z hududlarida saqlaydi va maxsus avtotransport vositasiga joylashtiradi. Bunda maxsus chiqindi qoplari (paketlar) yoki g‘ildirakli va zich yopiladigan qopqoqli konteynerlardan (40 - 120 l) foydalanilishi mumkin.

Hududlarni tozalash uchun mas’ul bo‘lgan jismoniy va yuridik shaxslar majburiy tartibda qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash uchun chiqindi qutilarni o‘rnatadilar.

Chiqindi tashish texnikasi bilan aholi yashash punktlarini aylanib chiqib, signal berish yo‘li bilan iste’molchilarni xabardor qilish orqali yakka tartibdagi turarjoy sektoridagi qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish «signal» usuli ekanligi ham ko‘rsatib o‘tilgan.

Qattiq maishiy chiqindilarni olib chiqib ketishning minimal davriyligi chiqindi to‘plash shaxobchalaridan bir kunda bir marta, signal usulida uch kunda bir martani tashkil etadi.

Bugungi kunda 2019 yil uchun yuridik shaxslar bilan 2252 ta, 2018 yilda 208 ta mahallalardagi 107 113 ta abonentlarga xizmat ko‘rsatilmoqda.

Murojaatda ko‘rsatilgan Said mahallasidagi konteyner qattiq maishiy chiqindilarning fuqarolar tomonidan belgilanmagan joyga chiqarib tashlashi va hududda sanitar holat buzilishining oldini olish maqsadida mahalla faollarining taklifi asosida fuqarolar bilan kelishilgan holda o‘rnatilgan.