Kontrakt miqdori ta’lim sifatiga ta’sir etmoqdami?!..
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim hamda Moliya vazirligi tomonidan yangi o‘quv yili uchun to‘lov-kontrakt miqdori bo‘yicha kunduzgi o‘qiydigan talabalarga 10 foiz chegirma berilishi ijtimoiy tarmoqlarda keng munozaralarga sabab bo‘lmoqda.
Ta’kidlanayotganidek, pandemiya sharoitida ta’limni masofaviy tashkil etilishi uni sifatiga ham salbiy ta’sir etmoqda, talabalar ovqatga yoki doriga pul topishga qiynalayotgan, avvallari ishlab yoki mardikorchilik qilib o‘qishiga pul to‘layotgan talabalarning ko‘pchiligi hozir ishlaridan ham ayrilishgan. Shu sharoitda, kontrakt to‘lovidan 10 foiz chegirma berilishi juda kam, deb baholanmoqda va 30-40 foiz chegirma bo‘lishi lozimligi ko‘rsatilmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda hattoki, to‘lov-kontrakt miqdori ta’lim sifati bilan o‘zaro bog‘lab ko‘rsatilib, o‘qitish sifati pastligi natijasida mamlakatning birorta oliy ta’lim muassasasi dunyo miqyosida TOP-1000 ga kirmaganligiga ham urg‘u berib o‘tilmoqda, shuningdek, mazkur holatga davlat idoralari va deputatlar loqayd munosabatda bo‘lmoqdalar, deb aytilmoqda.
Albatta, aholining to‘lov qobiliyati pasayishini hisobga olib, bugungi kunda belgilangan kontrakt miqdori o‘qitishning minimal xarajatlarini ham qoplay olmayotganligiga qaramasdan (o‘rtacha 68 foizi qoplanmoqda), talabalar uchun yengillik yaratish maqsadida amaldagi kontrakt miqdori bo‘yicha barcha talabalarga 10 foiz chegirma berilishini – ijobiy baholash lozim. Shuningdek, yetim, chin yetim, nogiron bo‘lgan talabalarga hamda “temir daftar” ro‘yxatidagi oiladan bo‘lgan talabalarga kontrakt to‘lovlarini qoplash uchun manzilli moddiy yordam ko‘rsatilib, 4,0 mln. so‘mgacha moliyaviy yordam ko‘rsatilishi belgilangan. Qurolli Kuchlar safida muddatli harbiy xizmatni o‘tagan talabaga esa shartnoma miqdorining 35 foizi to‘lab beriladi.
Shu o‘rinda, barcha talabalarni moddiy ta’minoti darajasidan kelib chiqib, ularga kontraktdan chegirmalar belgilashni tabaqalashtirilgan usulda amalga oshirilishi maqsadga muvofiq bo‘lar edi, deb hisoblaymiz. Chunki, ayrim talabalar uchun ularning moddiy holatiga nisbatan – nafaqat chegirma miqdori, balki butun kontrakt miqdori ham sezilarli ta’sir etmagani holda, boshqalari uchun kontraktning 10 foizini to‘lash ham – hozirgi sharoitda og‘irlik qilishi mumkin.
Shuning uchun mutasaddilardan yuqoridagi masalalar bo‘yicha o‘z qarashlarini bildirishlarini kutib qolamiz.
Pandemiya sharoiti ta’lim tizimidagi, ayniqsa – uning boshqaruv mexanizmidagi qator kamchiliklarni ko‘rsatib qo‘ydi. Masalan, yuqorida qayd etilgan muammo bo‘yicha – nega endi kontrakt summalarini va unga chegirmalarni vazirlik belgilashi kerak? Axir, bu vazifa mustaqil yuridik shaxs sifatida faoliyatini yurituvchi – ta’lim muassasasi rahbariyatining o‘z moddiy imkoniyatlaridan kelib chiqadigan vazifasi bo‘lishi kerak emasmi? Faqat ijtimoiy nuqtai nazardan chegirmalar uchun mablag‘lari yetishmagani holatdagina, ta’lim muassasasi rahbariyati subsidiyalar uchun vazirlikka murojaat etishi lozim, deb hisoblaymiz.
Ma’lumki, joriy yilda mamlakatimizdagi oliy ta’lim muassasalariga bakalavriat bosqichiga 162 364 ta, magistraturaga 10 425 ta o‘rin ajratilgan bo‘lib, bakalavriat yo‘nalishi bo‘yicha 1 mln. 484 ming nafar abituriyent hujjat topshirgan. Ya’ni, bitta o‘ringa 10,6 ta talabgor to‘g‘ri kelmoqda, 1 mln. 321 mingdan ortiq talabgorni esa “ko‘chada qolishi” kutilmoqda. Nisbiylik nazariyasi nuqtai nazaridan qaralsa, shuncha talabgorning barchasi ham “ko‘chada qolishga” loyiqmikan? Axir, ommaviy axborot vositalarida ham qayta-qayta ta’kidlanayotganidek – rivojlangan davlatlarda 90-95 foizgacha talabgorlar to‘lov imkoniyatiga ega bo‘lsalar, u yoki bu turdagi o‘qishlarga qabul qilinadiku.
Hozirgi pandemiya sharoitida yopiq binolar epidemiologik talabga javob bermasligini inobatga olib, test sinovlarini shaharlar va viloyatlar markazlaridagi stadionlarda tashkil etishga topshiriq berildi.
Ommaviy axborot vositalarini shu kunlarda kuzatsak, ularda oliy ta’lim muassasalariga qabul bo‘yicha bugungi kunning eng dolzarb muammosi bo‘lib turgan – koronovirus pandemiyasidan ham ko‘proq gapirilayotganligini guvohi bo‘lamiz. Gapirilganda ham asosan – kameralarni ishlashi, xavfsizlikni ta’minlanishi kabi tashkiliy masalalar haqida so‘z boradi. Shu o‘rinda haqli savol tug‘iladi – oliy ta’lim menejmenti bu “kompaniya”ni tugatish uchun, ya’ni qabul jarayonlarini mamlakatimizdagi xorijiy ta’lim muassasalari kabi onlayn rejimiga to‘liq o‘tkazib, hamma davlat tuzilmalarini bezovta qilmay, faqat haqiqiy mutaxassislarni jalb etgan holda shaffof o‘tkazish bo‘yicha qanday chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda? “Ko‘chada qolishi” kutilayotgan yoshlarga ruhan va ma’nan ko‘mak berish uchun oliy ta’lim muassasalari imkoniyatini kengaytirish orqali balki – sirtqi, kechki, masofaviy, dual kabi ta’lim turlari bo‘yicha qo‘shimcha kvotalar ajratish maqsadga muvofiqdir?
Albatta, yuqorida qayd etilgan – oliy ta’limga eng yaxshi talabgorlarni saralab olish muhim mavzu, bundan tashqari – endi ta’limni zamon talablariga hamnafas, sifatli tashkil etish masalalari alohida mavzu bo‘lib, mazkur mavzuga alohida to‘xtalamiz...
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Axborot xizmati.