Ko‘p qavatli uylar liftlaridagi kamchilik qachon bartaraf etiladi?

Bu savolga mukammal javob topish va muammoni yechish, shuningdek, shu paytgacha ishlab kelgan va yangi qurilgan uylarga o‘rnatilgan liftlardagi kamchiliklarni hal qilish maqsadida viloyat uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Ko‘p qavatli uylarni qurgan xususiy qurilish tashkilotlari rahbarlari hamda bu uylarga lift o‘rnatishga mas’ul bo‘lgan “LIFT GROUP” MChJ rahbarlari ishtirokida o‘tgan tadbirda boshqarma boshlig‘i B.Negmatov ko‘p qavatli uylarga o‘rnatilgan liftlarning nosozligi tufayli aholiga yetkazilayotgan noqulayliklarni bartaraf etish lozimligini ta’kidladi.

Ta’kidlanishicha, Samarqand shahrining Rudakiy ko‘chasidagi 175, 78, 187, 107, 149 A, 179 A, 105, 85 kabi o‘ndan ziyod  ko‘p qavatli uylarga o‘rnatilgan liftlar muntazam buziladi, Gagarin ko‘chasidagi 60 a va 60 B, Narpay ko‘chasidagi 59, Beruniy ko‘chasidagi 20 A, Islohot ko‘chasidagi 15- uylardagi liftlar nosoz holda o‘rnatilgan, Turkiston, Amur Temur ko‘chalari, Sartepa maskanidagi uylardagi lift uskunalari nosoz, ularga tegishli texnik hujjatlar olinmagan, uskunalar yaroqsiz holatda.

Shuningdek, ayrim qurilish tashkilotlarining liftlar o‘rnatish borasida shartnoma imzolaganlariga qaramasdan liftlar to‘liq ishga tushirilmagan. Quruvchi tashkilotlari rahbarlari to‘rt-besh yildan buyon turli vajlarni bahona qilib, aholini muntazam aldab, ulardan tushgan murojaatlarni e’tiborsiz qoldirgan.

Yig‘ilishda “Lift group” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari A.Karimov ikki hafta ichida korxonasi tomonidan lift o‘rnatilgan uylardagi kamchiliklarni bartaraf qilishga va’da berdi. Shuningdek, shahardagi nosoz, ishlamay turgan, texnik hujjati bo‘lmagan, shuningdek, yaroqsiz liftlarni o‘rnatgan korxona rahbarlariga kamchiliklarni bartaraf etishlari uchun ikki hafta muhlat berildi.

Samarqand viloyat uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi axborot xizmati.