Ko‘p qavatli uylar qaysi manbalardan ta’mirlanyapti?
Samarqand viloyatida 1 952 ta ko‘p kvartirali uy-joylar mavjud. Ularga 7 ta boshqaruv kompaniyalari va 173 ta uy-joy mulkdorlari shirkatlari hamda 2 ta (shahar va tumanlarda) “Yagona hisob-kitob markazi” davlat unitar korxonasi filiallari xizmat ko‘rsatmoqda.
Bugungi kunda 217 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladigan uy-joylarda 1 metr kvadrat uchun o‘rtacha tarif 661 so‘mni tashkil etmoqda.
So‘nggi uch yilda mavjud ko‘p qavatli uy-joylarni ta’mirlash uchun tijorat banklari tomonidan 168 ta uy-joy mulkdorlari shirkatlariga 87,7 milliard so‘m kredit mablag‘lari ajratilgan. Shuningdek, 946 ta ko‘p kvartirali uylar mahalliy byudjetdan ajratilgan 16,8 milliard so‘m mablag‘ hisobidan ta’mirlangan.
Joriy yilgi manzilli dasturiga asosan moliyaviy barqaror bo‘lgan 32 ta shirkatlarga 127 ta ko‘p kvartirali uylarni ta’mirlash uchun 4,4 milliard so‘m kredit ajratilishi belgilangan.
Mazkur mablag‘ asosida 9 ming kvadrat metr tom qismi, 151 ta kirish yo‘laklari, 32 ta uyning fasad qismini ta’mirlash, 82 ta temir eshik va kodli qulflarni o‘rnatish hamda 35 ta ichki muhandislik tarmoqlari va kommunikatsiyalarni ta’mirlash ishlari rejalashtirilgan.
Shundan, 4,4 ming kvadrat metr tom qismi, 56 ta kirish yo‘laklari, 40 ta temir eshik va kodli qulflarni o‘rnatish ishlari amalga oshirilmoqda.
Bugungi kunda aholiga barcha qulayliklarni yaratish hamda kommunal texnik sohani yanada rivojlantirish maqsadida hududiy “Ta’mirlash-tiklash xizmati” davlat unitar korxonalari negizida “Tez kommunal xizmat” servis qisqa (1184) raqami yo‘lga quyilgan.