Koreya Respublikasi Prezidenti Toshkentga keldi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje In 18 aprel kuni davlat tashrifi bilan mamlakatimizga keldi.
Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonni O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov kutib oldi.
Bugun Koreya Respublikasi Prezidenti O‘zbekiston Bosh vaziri hamrohligida Toshkent shahridagi Inha universitetiga tashrif buyurib, mamlakatlarimiz hamkorligida amalga oshirilishi rejalashtirilgan telemeditsina loyihasi taqdimoti bilan tanishadi.
O‘zbekiston va Janubiy Koreya Prezidentlarining muzokaralari 19 aprel kuni Ko‘ksaroyda bo‘lib o‘tadi. Unda savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy-texnik va gumanitar sohalardagi amaliy hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilinadi.
Imzolash uchun salmoqli hujjatlar to‘plami tayyorlangan. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi bilan Koreya Respublikasi o‘rtasida alohida strategik sheriklik to‘g‘risidagi deklaratsiyani qabul qilish rejalashtirilgan.