Koreyada noqonuniy yurgan muhojirga O‘zbekiston Migratsiya agentligi 12 ming dollar jarima soldi

Janubiy Koreyada nolegal ishlab yurgan o‘zbekistonlik 40 yashar mehnat muhojirining Qashqadaryodagi uyiga 3 mart kuni Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining Tashqi mehnat migratsiyasi agentligidan 101 million 417 ming 250 so‘mlik ($12 ming) jarimani to‘lab qo‘yish to‘g‘risida talabnoma keldi, deb xabar bermoqda Slujba Novostey Sentralnoy Azii.

Qashqadaryolik 40 yashar mehnat muhojirining Ozodlikka aytishicha, u bundan 13 yil muqaddam – 2006 yilning kuzida Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi bilan shartnoma imzolab Janubiy Koreyaga ishga ketgan.

100 million so‘mlik jarimani to‘lab qo‘yish to‘g‘risidagi Agentlik talabnomasida qahramonimiz shartnomani 2006 yil 25 sentyabrda imzolagani va Koreyaga o‘sha yilning 23 oktyabrida jo‘nab ketgani eslatilgan.

Agentlikning yozishicha, ishchi shartnoma talablarini buzib, Koreyada qolib ketgan.

Biroq shikoyat qilgan migrantning aytishicha, u o‘z vaqtida, ya’ni 2009 yilning oktyabrida O‘zbekistonga qaytgan, Agentlikka uchrab, qaytib kelganini bildirgan.

Qashqadaryolik mehnat muhojiri hozirda Janubiy Koreyada nolegal yurganini yashirayotgani yo‘q. Faqat, uning iddao qilishicha, bu nolegallikning Agentlik bilan tuzilgan Shartnomaga aloqasi yo‘q.

“Koreyadan 2009 yilning oktyabrida qaytib kelganimdan so‘ng meni koreys tilini yaxshi bilganim uchun Koreyada ishlaganim korxona rahbari o‘zi taklif qildi, vizani o‘zi to‘g‘riladi, mustaqil ravishda viza olib, Koreyaga ketdim va 2012 yilgacha korxona bilan tuzilgan kontrakt asosida ishladim. 2012 yili kontraktim muddati tugadi va nolegal bo‘lib qoldim”, - dedi nolegal qashqadaryolik.

Agentlikning hisobicha, qahramonimiz 2018 yilning bahorigacha Koreyada 10 yil nolegal yurgan, binobarin u to‘laydigan jarima 101 million 417 ming 250 so‘mga yetgan.

Jarima bilan bog‘liq tashvishidan shikoyat qilgan qashqadaryolik muhojirning aytishicha, shu kunda Janubiy Koreyada u bilgan kamida 200 nolegal o‘zbekistonlik bor.

Har oy uyiga 900-1000 dollarga teng aqcha jo‘natayotgan qashqadaryolik yigitdan suhbat davomida “2009 yildan buyon O‘zbekistonga kelganingiz yo‘qmi?” deb so‘radik xayron bo‘lib.

“Ha, borganim yo‘q, aka, bu yerda 20 yildan beri borolmay yurganlar boru!”- dedi mehnat muhojiri.