Koreyaliklar Samarqandga madaniy meros ob’yektlarini himoyaga olish bilan bog‘liq 500 ga yaqin kitob tuhfa qildi

O‘zbekiston Madaniy meros agentligi, Janubiy Koreya Madaniy meros jamg‘armasi, Samarqanddagi oliy ta’lim muassasalari hamda soha mutaxassislari hamkorligida viloyatdagi tarixiy obidalarni asrab-avaylash va turizm markaziga aylantirish bo‘yicha hamkorlikda ish olib borilmoqda.

Xususan, Janubiy Koreyaning Madaniy meros jamg‘armasi tomonidan ODA (Official Development Assistance) dasturi asosida 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan “Samarqand viloyatining tarixiy-madaniy turizm salohiyatini oshirish” loyihasi amalga oshirilyapti.

Yaqinda loyiha doirasida Samarqand shahridagi "Afrosiyob" muzeyining restavratsiya ishlari uchun 290 ming AQSh dollaridan ziyod mablag‘ ajratildi. Ushbu mablag‘ga muzeyning birinchi qavati (islomgacha bo‘lgan davr Samarqand tarixi) ekspozitsiyasi yangidan zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlandi, ko‘rgazmalar zali, videozal va yo‘laklar yangilandi. Ikkinchi qavatning shifti va tomi ham qayta ta’mirlandi.

Viloyatdagi moddiy-madaniy meros obidalarini Koreya tajribasi asosida restavratsiya va konservatsiya qilish, o‘qituvchi hamda talabalar o‘rtasida hamkorlikni mustahkamlash maqsadida Koreya madaniy meros fondi tomonidan “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetiga 468 nomdagi 500 ga yaqin kitob topshirildi.

- Ikki yildan buyon Samarqand arxeologiya instituti hamda “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti o‘qituvchi va talabalari koreyalik mutaxassislar hamkorligida Samarqanddagi madaniy meros ob’yektlarini restavratsiya qilib kelmoqda, - deydi Koreya madaniy merosdan foydalanish boshqarmasi direktori Chae Su Xi. – Ushbu hamkorlikni yanada mustahkamlash maqsadida koreys va ingliz tillarida chop etilgan ilmiy to‘plam, qo‘llanma, monografiya hamda sohaga oid turli adabiyotlarni turizm universitetiga topshirdik. Mazkur kitoblar soha mutaxassislari, qolaversa, talabalar uchun turizmni rivojlantirish va yo‘qolib borayotgan madaniy meros ob’yektlarini asrab qolishga xizmat qiladi degan umiddamiz.

- Universitetimizda 16 ta bakalavriat ta’lim yo‘nalishi va 6 ta magistratura mutaxassisligi bo‘yicha kadrlar tayyorlanmoqda, - deydi “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetining birinchi prorektori Jo‘liboy Eltazarov. – Bakalavriat va magistratura yo‘nalishida 30 nafarga yaqin talaba koreys tili va madaniyatini o‘rganmoqda. Koreya madaniy meros jamg‘armasining “Samarqand viloyatining tarixiy-madaniy turizm salohiyatini oshirish” loyihasi asosida besh yillik hamkorlik shartnomasi imzolangan bo‘lib, turizmni rivojlantirish va madaniy meros obidalarini himoya qilish bo‘yicha talabalarimiz har yili tajriba almashyapti, birgalikda ishlayapti. Kutubxonamiz fondiga ushbu mamlakat tajribasiga asoslangan yangi ilmiy kitoblarning topshirilishi hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlaydi.