Koronavirusga chalingan 830 bemordan 10 nafarining ahvoli og‘ir, 1 nafarining ahvoli o‘ta og‘ir
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i, Respublika bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov koronavirusga chalingan bemorlar haqida ma’lumot berdi:
– Mamlakatimizda ayni daqiqalarga kelib, koronavirus kasalligi bilan 2160 bemor ro‘yxatga olingan. Bemorlarning 1319 nafari to‘liq sog‘aygan va reabilitatsiya markazlariga o‘tkazilgan. Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 830 bemordan 10 nafarining ahvoli og‘ir, 1 nafarining ahvoli o‘ta og‘ir.
Hozirgi vaqtga kelib, 56 mingdan ortiq fuqaro karantin muddatlarini o‘tayapti. Ularning 13 mingdan ortiqrog‘i statsionar sharoitida, 42 mingdan ortiqrog‘i uy sharoitida karantin tadbirlari bilan qamrab olingan. Kecha 7300 dan ko‘proq virusologik tekshirishlar o‘tkazildi. Epidemik vaziyat murakkablashgandan buyon 325 mingdan ko‘proq koronavirus kasalligiga laboratoriya tekshiruvlari o‘tkazilgan.
Karantin tadbirlari davom etyapti. Bir muncha yengilliklar va imkoniyatlar paydo bo‘ldi. Bu – biz karantin tadbirlarini buzishga haqimiz bor, degani emas. Har birimiz mas’uliyat bilan yondashishimiz kerak. Har birimizning harakatimiz epidemik vaziyat barqarorlashuvi yoki murakkablashuvida namoyon bo‘lishini unutmang!