Koronavirus bilan grippni qanday farqlash mumkin?
Bu savolga Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a’zosi, tibbiyot fanlari nomzodi Sevara UBAYDULLEVA javob berdi:
- Koronavirus va grippning bir-biridan ajratuvchi bir necha belgilari mavjud. Jumladan, gripp kasalligining yashirin davri 5-7 kun, koronavirusning yashirin davri esa 2-14 kun.
Ikki kasallik ham tumov, ko‘z yoshlanishi, burun oqishi, aksa urish, tana haroratini ko‘tarilishi bilan kechadi.
Lekin gripp kasalligida:
- umumiy belgilar 1-3 kungacha bo‘ladi. Yengil darajasida tana haroratining 38 darajadan yuqori bo‘lishi bir marta kuzatiladi, 3-kundan boshlab bemor ahvoli yaxshilanishni boshlaydi;
- grippning og‘ir kechuvida, agarda kasallik bronxlar va o‘pkalarni jarohatlagan bo‘lsa, unda gripp oqibatida kuzatiladigan tana harorati 5 kundan ortiq ham 38 darajadan yuqori bo‘lishi mumkin, undan ko‘p muddat kuzatilmaydi. Gripp kasalligida yo‘tal birinchi 3-4 kun quruq, so‘ngra esa balg‘amli bo‘ladi va davolashda asosiy maqsad balg‘amni parchalash yoki ko‘chirishga ko‘maklashishdir;
- gripp kasalligidagi pnevmoniyada o‘pkaning yallig‘lanishi kasallikning reabilitatsiya jarayonida qayta tiklanishi mumkin. Gripp kasalligi faqat yuqori va pastki nafas yo‘llarini zararlaydi. Gripp kasalligida asab tizimining jarohatlanishi kuzatilmaydi.
Koronavirus kasalligida esa:
- umumiy belgilar 1-3 kun kuzatiladi, tana harorati yengil kechuvida 38 darajaga bir marta ko‘tariladi. So‘ngra 37 darajada bo‘ladi. Yengil kechuvida to‘g‘ri davoni saqlagan holda olib borilsa, bemor ahvoli kasallikning 5-7 kunlarida yaxshilanib boradi;
- kasallikni og‘ir kechuvida esa 8-kundan boshlab tana harorati 39-40 darajagacha ko‘tariladi. Umumiy holsizlik kuchayadi, quruq yo‘tal zo‘rayadi, nafas yetishmovchiligi, ya’ni hansirash ham kuchayadi. Koronavirusda yo‘tal balg‘amsiz bo‘ladi va u kasallikni kechuviga bog‘liq holda 2-3 haftadan 1,5 oygacha kuzatilishi mumkin;
- koronavirusdagi yo‘talni davolashda ko‘prok nafas mashqlarini o‘tkazib, alveolalarning faoliyatini to‘liq ta’minlash bilan organizmning to‘qima va hujayralariga kislorod ta’minotini tiklashga qaratilgan bo‘ladi;
- koronavirus kasalligining og‘ir va o‘ta og‘ir kechuvida o‘pkalar interstitsiyasi, alveolalarining fibroz to‘qima bilan qoplanishi oylar davomida tiklanishi yoki ma’lum qismi umuman tiklanmasligi ham mumkin;
- koronavirus kasalligida inson organizmining bir necha a’zosi (nafas, oshqozon, yurak qon tomir tizimi a’zolari, buyrak, endokrin bezlar, markaziy va periferik asab tizimlari kasalliklari jarohatlanadi. Ayniqsa, asab tizimi va ruhiyatning zararlanishi kuzatiladi.