Koronavirus bilan og‘rigandan so‘ng nogiron bo‘lib qolish mumkinmi?

Ushbu savolga AOKAda o‘tkazilgan brifingda Koronavirusga qarshi kurash shtabi a’zosi Sevara Ubaydullayeva javob berdi:

➖ Xitoy olimlari birinchi bor may-iyun oylarida koronavirus kasalligidan so‘ng nogironlik belgilash to‘g‘risida taklif bilan chiqishdi.

Nogironlik belgilash tartibiga kelsak, kimlarga nogironlik belgilanishini aniq bilish talab etiladi.

Belgilangan tartib va qoidalarga ko‘ra, nogironlik – agar inson hayoti davomida, uning ish faoliyatiga bog‘liq yoki bog‘liq bo‘lmagan holda, organizmidagi a’zolar tiklanmaydigan organik o‘zgarishini keltirib chiqaruvchi o‘tkir yoki surunkali kasalliklar bilan kasallanishida belgilanishi mumkin.

Bunda albatta, organizmdagi kuzatilayotgan organik o‘zgarishlar bemordagi klinik belgilar bilan birga, laborator va instrumental tekshiruv usullarida hamda mutaxassislar tomonidan tasdiqlanadi.

Shuningdek, tuman tibbiyot birlashmasi tarkibida tashkil etilgan maxsus tibbiy komissiya a’zolari tomonidan o‘rganiladi va organizmda kuzatilayotgan kasallikning darajasiga qarab nogironlik darajasi belgilanadi.

Koronavirus kasalligiga kelib to‘xtaladigan bo‘lsak, bu kasallikning yangi ekanligini unutmasligimiz kerak. Unda inson organizmiga ko‘rsatayotgan o‘zgarishlarini, asoratlarini doimiy ravishda o‘rganib borish talab etiladi.

Agar koronavirus kasalligi oqibatida inson organizmining a’zolarida tiklanmaydigan organik o‘zgarishlar tasdiqlansa, nogironlik belgilanishi mumkin. Bu borada, Sog‘liqni saqlash vazirligi mutasaddilari to‘liq o‘rganib bormoqda va talab-tartiblarini ishlab chiqmoqda.