Koronavirus infeksiyasidan vafot etish ko‘rsatkichi bemorlar qon guruhi bilan bog‘liq ekanligi tasdiqlandi
Eronlik mutaxassislar ikkinchi qon guruhiga ega bemorlar koronavirus infeksiyasidan ko‘proq halok bo‘lishadi, degan to‘xtamga kelishdi. Ular olib borgan izlanishlar MedRxiv portalida nashr qilindi.
Biroz ilgari AQSh va Xitoy mutaxassislari ham shu to‘xtamga kelishgan edi.
Ikkinchi qon guruhiga ega bemorlarda infeksiya og‘ir kechishini uchta davlat mutaxassislari ham bir ovozdan ta’kidladi. Uchinchi va to‘rtinchi qon guruhiga ega bo‘lgan bemorlarning ikkinchi qon guruhiga ega bo‘lgan bemorlardan ko‘ra biroz imkoniyatlari ko‘proq ekanligi aytilmoqda. Shu bilan birga mutaxassislar taqdim etgan ma’lumotda keltirilishicha, COVID-19 infeksiyasiga eng bardoshli qon guruhi – birinchi guruh ekanligi aniqlangan.
Rossiyaning Federal tibbiy-biologik agentligi rahbari Veronika Skvorsova ham yuqorida ko‘rsatilgan xorijiy hamkasblarining fikriga qo‘shilgan holda, ikkinchi qon guruhiga ega odamlarning koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish xavfi yuqoriroq ekanligini ta’kidladi.