Koronavirus karantinidan qochmoqchi bo‘lgan yana bir fuqaro qo‘lga olindi

20 mart kuni Rossiyaning Moskva shahridan "Moskva-Toshkent" poyezdi orqali O‘zbekistonga kirib kelgan, 1995 yilda tug‘ilgan namanganlik M.A. epidemik vaziyatga ko‘ra, o‘rnatilgan tartibda, Qashqadaryo viloyatida tashkil etilgan karantin markaziga joylashtirilgan.

Ushbu fuqaro 21 mart kuni soat 15:30 da belgilangan tartib qoidalarga amal qilmasdan, karantin markazi devoridan oshib o‘tib, qochishga harakat qilgan vaqtda karantin hududi bo‘ylab xizmat olib borayotgan Milliy gvardiya xodimi tomonidan qo‘lga olingan.

Milliy gvardiya axborotiga ko‘ra, hozirda ushbu shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atish choralari ko‘rilmoqda.