Koronavirusdan qanday qutuldim? Tuzalganlar boshlaridan kechirganlarini so‘zlab berdi
Viloyatimizda koronavirusdan sog‘aygan kishilar bilan suhbatlasharkanmiz, aksariyati kasallikdan forig‘ bo‘lishlarida dori-darmon bilan birga tibbiyot xodimlarining daldasi, shirin so‘zi ham muhim o‘rin tutganligini ta’kidladi.
B.Azizov, Samarqand shahri:
- O‘zim yarim jon bo‘lganim uchun kasallikni yuqtirganim haqida eshitgach, ruhan cho‘kib qoldim. Sababi, 1-guruh nogironiman, doimiy ravishda gemodializ olib turishga majburman, buyrak yetishmovchiligi xastaligi bilan yashayman. Bu xastalikni yengib o‘ta olamanmi-yo‘qmi, to‘g‘risi, ko‘proq shuni o‘ylab siqilardim. Davolanishga kelganimda shifokorlarning daldasi ko‘nglimni ko‘tardi. Ammo baribir shubham bor edi. Sababi, xastalikni juda og‘ir o‘tkazdim. Boshimda, burun, tomog‘imda kuchli og‘riqni yengib o‘tishimga to‘g‘ri keldi, o‘zimni holsiz his qildim. Nafaqat virusni davolash, balki menda mavjud surunkali xastalik muolajasi uchun mutaxassislar jalb etildi. Shukur, hozir ancha yaxshiman, ammo haliyam holsizlik bor. Endilikda immun tizimimni yaxshilash uchun qo‘shimcha muolajalar olayapman.
L.Berdiyeva, Samarqand shahri:
- Tibbiyot muassasalaridan birida hamshira bo‘lib ishlayman. Koronavirusga chalingan bemor aniqlangach, shifoxonamizdagi tegishli mutaxassislarning barchasi karantinga olindi. Ularning ichida men ham bor edim. Qat’iy qoidalarga rioya qilganim uchun oila a’zolarimga kasallik yuqmadi. Qolaversa, o‘z vaqtida karantinga olinib, darhol test sinamalari o‘tkazilgani uchun uni ertaroq aniqlash imkoni bo‘ldi. Shuning uchun o‘zimda kasallik alomatlari hali sezilib ulgurmasidanoq davolash choralari ko‘rildi. Tibbiyot xodimi bo‘lsam-da, bunday paytda shifokorlarning ruhiy daldasi qanchalik muhim ekanligini yana bir karra anglab yetdim.
Darvoqe, 2 iyunga qadar viloyatimizdagi 362 nafar bemorning 281 nafari sog‘aydi.
Shu yilning 1 iyun holatiga ko‘ra, kasallik yuqtirganlarning 45 nafarini tibbiyot xodimi, 42 nafarini vaqtincha ishsizlar, 36 nafarini voyaga yetmaganlar, 10 nafarini soliq xodimi, 6 nafarini bankirlar, 5 nafarini gaz ta’minoti korxonasi xodimi, 2 nafarini yetkazib berish xizmati bilan shug‘ullanganlar tashkil etmoqda.
Bugungi kunda viloyatda 79 nafar bemor davolanmoqda.
Gulruh MO‘MINOVA.