Koronavirusga chalingan haydovchilarning e’tiborsizligi 100 nafarga yaqin fuqaroning karantinga olinishiga sabab bo‘ldi
Shu yilning 22 may kuni Baliqchi tumanida yashovchi 50 yoshli R.R. Izboskan tumanida yashovchi sherigi, 32 yoshli B.Q. bilan birgalikda xalqaro yuk tashish avtomashinasida Rossiyadan Toshkent viloyati Qibray tumani hududidagi chegara-nazorat postiga yetib kelgan.
Shu kunning o‘zida o‘rnatilgan tartib bo‘yicha postdagi SEOM xodimlari tomonidan har ikki haydovchidan koronavirus infeksiyasiga surtma olingan. Ertasiga, 23 may kuni B.Q. gumon natija qayd etilganligi uchun takroran tahlil topshirgan, R.R.da esa kasallik aniqlanmagan.
Lekin haydovchilar belgilangan sanitariya qoidalariga rioya qilmasdan, chegara-nazorat posti avtoturargohidan uyiga chiqib ketishgan.
Shundan so‘ng huquqni muhofaza qiluvchi organ vakillari bilan o‘tkazilgan tezkor qidiruv va epidemiologik surishtiruv natijasida har ikki haydovchi ham o‘z uylaridan topilgan.
Shu orada dastlab tahlil natijalari gumon qilingan B.Q.da ham, u bilan doimiy muloqotda bo‘lgan ikkinchi haydovchi R.R.da ham koronavirus infeksiyasi tasdiqlangan.
Epidemiologik surishtiruv natijasida Izboskan va Baliqchi tumanida R.R. va B.Q. bilan muloqotda bo‘lgan barcha 100 nafarga yaqin fuqarolar 14 kunlik tibbiy kuzatuvga olingan.
Achinarlisi, haydovchilarning e’tiborsizligi va sanitariya qoidalariga rioya qilmasligi sabab, ularning oila a’zolari, yaqinlari, qo‘shnilari va boshqa ko‘plab insonlarning koronavirusda gumonlanib karantinga olinishiga, ularning sog‘ligini xavf ostiga qo‘yilishiga sabab bo‘lgan.
Sog‘liqni saqlash vazirligi yana bir bor barchaning uy karantini qoidalariga qat’iy amal qilishini, jamoat joylarida bo‘lganda yoki koronavirus infeksiyasi alomatlarini o‘zida sezganda darhol o‘zini yakkalab, shifokorga murojaat qilishini so‘raydi.
Shuningdek, yana bir bor, karantin qoidalariga, jumladan, ijtimoiy masofani saqlash, qo‘l berib yoki quchoqlashib ko‘rishishdan tiyilish, sababsiz ko‘chaga chiqmaslik, jamoat joylarida to‘planmaslik, qo‘llarni tez-tez va yaxshilab yuvish, tibbiy niqob taqish kabi qoidalarga qat’iy amal qilishlarini tavsiya qiladi. Bu o‘zingiz va yaqinlaringiz xavfsizligi uchun juda muhim.